Mamlakatimizda sanoat tarmoqlarini diversifikatsiya qilish, mahalliy xomashyo va resurslardan oqilona foydalanish, shu bilan birga, tashqi bozorga qaramlikni kamaytirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bu borada kimyo sanoati muhim o‘rin tutadi. Ayniqsa, “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan amalga oshirilayotgan mahalliylashtirish dasturi doirasidagi natijalar buning yaqqol tasdig‘idir.
“O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati axborot xizmati rahbari Hojiakbar To‘laganov qayd etganidek, 2025 yilning yanvar-iyun oylari davomida jamiyat tomonidan 29 turdagi mahalliy mahsulot ishlab chiqarilib, ularning umumiy qiymati 2,3 trillion so‘mni tashkil etdi.
– Bu esa belgilangan reja 141,4 foizga ijro etilganini anglatadi. Bunday natijalar mahalliylashtirish bo‘yicha olib borilayotgan samarali siyosatning amaliy samarasini namoyon etmoqda. Ishlab chiqarilgan mahsulotlar orasida natriy sianid, polivinilxlorid, poliakrilamid, karbamid, kalsinatsiyalangan soda kabi strategik ahamiyatga ega kimyoviy moddalar alohida o‘rin tutadi.
Ushbu mahsulotlar nafaqat ichki bozor ehtiyojini qoplashda, balki mamlakatning eksport salohiyatini oshirishda ham muhim o‘rin tutayapti. Bundan tashqari, “O‘zkimyosanoat” AJ tomonidan 2025 yil yakuniga qadar yana 31 ta mahalliylashtirish loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan. Ushbu loyihalar natijasida qo‘shimcha ravishda 4 trillion so‘mlik mahalliy mahsulot ishlab chiqarilishi ko‘zda tutilgan. Mazkur tashabbuslar natijasida kimyo sanoatida ishlab chiqarish hajmlarini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ulushini kengaytirish, shuningdek, sohaning innovatsion salohiyatini mustahkamlash bo‘yicha muhim qadamlar qo‘yilmoqda, – dedi H.To‘laganov.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA