Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida Senatning mahalliy Kengashlar faoliyatini takomillashtirish, ularning hududiy boshqaruvdagi rolini yanada oshirishga qaratilgan qonunchilik taklifi ko‘rib chiqildi.
Mazkur taklifga ko‘ra, xalq deputatlari mahalliy Kengashi raisi o‘rinbosari institutini joriy etish, unga bir vaqtning o‘zida Kengash kotibiyati mudiri vazifasini bajarish hamda Kengash kotibiyati xodimlarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod qilish vakolatlarini berish nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, mahalliy Kengashlar sessiyalari oralig‘ida tezkor masalalarni hal etish maqsadida Kengash Rayosati institutini joriy etish va uning ish faoliyati tartibini belgilash nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, mahalliy Kengashlarda deputatlar va jamoatchilik vakillari ishtirokida mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining ayrim muhim ijtimoiy masalalar yuzasidan axborotlarini eshitish bo‘yicha “Kengash soati” institutini joriy qilish ko‘zda tutilmoqda.
Mazkur qonunchilik taklifi mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini yanada samarali tashkil etishga qaratilgan.
M.Komilova, O‘zA