Saylovlar mamlakat hayotidagi eng muhim siyosiy jarayonlardan biri bo‘lganligi bois, O‘zbekistonda davlat hokimiyati organlarini demokratik saylovlar orqali shakllantirish bo‘yicha umume’tirof etilgan xalqaro prinsiplar va huquqiy normalarga to‘liq mos keladigan milliy saylov qonunchiligi yaratildi.
Jumladan, 2019 yilda xalqaro umume’tirof etilgan normalarga asoslangan O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi ishlab chiqildi. 2023 yilda yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyamizda ham saylov qonunchiligiga oid bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Ushbu normalarning qonunchiligimizda aks ettirilishi 27 oktyabr kuni mamlakatimizda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlar deputatligi uchun bo‘lib o‘tgan saylovlarda keng jamoatchilik va xalqaro kuzatuvchilar tomonidan e’tirof etildi.
E’tiborlisi, bu o‘zgartirishlar nafaqat qonunchilikka kiritildi, balki, Konstitutsiyaviy islohotlar hayotimizga ham ko‘chdi. Misol uchun bu yil yurtimizda ilk bor Parlament saylovlari aralash saylov tizimi asosida o‘tkazildi. Fuqarolarimiz siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlar bilan birga, partiyalar uchun ham ovoz berdi. Deputatlikka ko‘rsatilgan nomzodlar orasida ayol nomzodlar ulishi 30 foizdan 40 foizga oshirildi. Nomzodlar o‘rtasida nogironligi bo‘lgan shaxslar ulushi ham sezilarli darajada ortdi. 27 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan saylov yakuniga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar va tuman kengashlariga saylangan deputatlar tarkibi 59,2 foizga yetdi.
Ta’kidlash kerakki, Konstitutsiyaviy islohotlar sabab mahalliy Kengashlar va deputatlarning vakolat va imkoniyatlari sezilarli darajada ortdi. Xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiya va uning asosida qonunchilikka kiritilgan o‘zgarishlar hokim sifatida faoliyat olib borayotganlar bir vaqtning o‘zida mahalliy Kengashga rais bo‘la olmasligi tartibga solindi. Buning natijasida esa Toshkent shahri va viloyat Kengashlari raisligiga deputatlar orasidan alohida boshqa bir shaxs saylanadigan bo‘ldi.
Qolaversa, joriy yilning oktyabr oyida qabul qilingan “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni orqali hokimlarning ayni bir hududda ikki muddatdan ortiq hokim bo‘lmasligiga oid norma amaliyotga joriy qilindi.
Shuningdek, endilikda viloyat va Toshkent shahar hokimi lavozimiga ko‘rsatilgan nomzod tegishli xalq deputatlari Kengashida uning nomzodi ko‘rib chiqilayotganda hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning istiqbolga mo‘ljallangan dasturini ham taqdim etadi.
Jumladan, 2026 yil 1 yanvardan boshlab tuman va shahar hokimligiga ko‘rsatiladigan nomzodlar uchun ham tatbiq etiladi. Ya’ni, ilgari hokimlar tegishli xalq deputatlari Kengashiga faqatgina yillik hisobotlarini topshirib kelgan bo‘lsa, endi ularning vakolat muddatlari aniq. Qolaversa, hokimlikka nomzodlar ma’lum yillarga mo‘ljallangan strategik reja va ustuvor maqsadlarni o‘z ichiga olgan dasturlarini ham Kengash tasdig‘idan o‘tkazadi.
Mazkur amaliyotning qonun bilan belgilab qo‘yilayotgani hokimlarning hududdagi mavjud muammolarning oldini olish va hududlarni rivojlantirishga doir dastur va unda berilgan va’dalarni to‘laqonli bajarish, xalq ishonchini oqlash kabi mas’uliyatini, xalq vakillari oldidagi hisobdorligini oshiradi. Bu holat esa hokimlarni xalqqa yanada yaqinlashtirishi shubhasiz.
Qonun bilan amaliyotga kiritilayotgan yana bir yangilik bu — Kengash so‘rovi va Kengash tekshiruvi institutlarining joriy etilayotganidir. Endilikda, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari tegishli hududda joylashgan davlat organlari va tashkilotlarining mansabdor shaxslariga, ularning vakolatlariga kiradigan masalalar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish yoki nuqtai nazarini bayon etish talabi bilan Kengash so‘rovini yuborishi mumkin.
Shuningdek, tegishli hududning xavfsizligiga, barqaror rivojlanish asoslariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan, inson huquqlari va erkinliklariga, jamiyat va davlat manfaatlariga tahdid soladigan faktlar hamda voqealarni o‘rganish maqsadida Kengash tekshiruvlarini o‘tkazadi.
Xulosa qilib aytganda, bu kabi o‘zgartirishlarning huquqiy asoslari yaratilgani respublika darajasidagi hokimiyatlar bo‘linishi va o‘zaro tiyib turish prinsipining mahalliy darajada ham mavjud bo‘lishini ta’minlaydi.
Galdagi vazifamiz Toshkent shahrida mahalliy Kengashlarga saylangan deputatlik korpuslaridagi o‘rnimizni mustahkamlash va qonunchilikda yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanish. Shuningdek, partiyamiz Saylovoldi dasturida ilgari surilgan g‘oya va tashabbuslarni hayotga tatbiq etish, saylovchilar ishonchini qozonish hamda aholi turmush farovonligini mustahkamlashga ko‘maklashishdan iborat.
Muharram DADAXO‘JAEVA,
O‘zbekiston “Adolat” SDP
Toshkent shahar Kengashi raisi
O‘zA