Bugungi kunda mamlakatimizda davlat hokimiyatini demokratlashtirish va erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirish maqsadida islohotlar amalga oshirilib, qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan.
«O‘zbekiston – 2030» strategiyasida vakillik organlari vakolatlarini kengaytirish hamda ijro hokimiyati hisobdorligini kuchaytirishga doir bir qator ustuvor yo‘nalishlar va vazifalar belgilangan.
Masalan, Strategiyaning 75-maqsadida hokimlarning mahalliy Kengashga rahbarlik qilish amaliyotini bekor qilish vakillik organlarining samarali faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishi juda o‘rinlidir. Shuningdek, 76-maqsadda ijro hokimligiga xos bo‘lmagan ayrim funksiyalarni bekor qilib, vakillik organlariga o‘tkazish, ijro organlari hisobdorligini oshirishga oid vazifalar belgilangan.
Mahalliy vakillik organlari vakolatlarining kengayishi nafaqat ular faoliyatining takomillashuviga, balki deputatlarning saylovchilar oldidagi roli va ishonchining ortishiga xizmat qiladi. Chunki, deputat xalq bilan davlat o‘rtasidagi siyosiy ko‘prik, u orqali saylovchining fikri, munosabati va xohish-istaklari namoyon bo‘ladi, qolaversa, fuqarolar o‘z murojaat va muammolarini saylagan vakili orqali hal qilishni istaydi, deputat esa masalani ijro hokimligi oldiga ko‘ndalang qo‘yishi lozim.
Albatta, bunday vakolat va bildirilgan ishonchning mas’uliyati ham yuqori. Bugungi deputat xalqning fikri va muammolarini, xohish-istaklarini yaxshi bilishi, murojaatlarini eshitib, ularni hal etishda shijoatli va tashabbuskor bo‘lishi lozim. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, “Deputat, avvalo, hamisha xalq dardi bilan yashashi, odamlarni qiynayotgan muammolarni hal qilish uchun fidoiylik ko‘rsatib boshqalarga o‘rnak bo‘lishi lozim”.
Mahalliy vakillik organlari funksiyalarining tizimlashtirilishi, xususan, jamoatchilik nazoratiga oid vakolatlarning aniq belgilanishi, Kengashlarning rejali va samarali faoliyat yuritishiga hamda sifatli qarorlar qabul qilishlariga yordam beradi. Chunki oldingi amaliyotda qaysi davrda, kimlarning hisoboti yoki axborotini tinglash zarurligi bo‘yicha aniq mezonlar bo‘lmaganligi tufayli har bir Kengash turlicha yo‘l tutgan va sessiyalarda ko‘plab hisobotlar eshitilgan.
Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining jamoatchilik nazoratiga oid faoliyatining tizimlashtirilishi mahalliy davlat hokimiyati organlari ishini “Kuchli Kengash, hisobdor va tashabbuskor hokim” tamoyili asosida tashkil etishga zamin yaratadi. Chunki, Kengashning kuchi deputatlik nazorati, hokimning deputatlar oldidagi mas’uliyati va hisobdorligi, samarali faoliyati hududiy masalalarni hal etishdagi tashabbuskorligi bilan belgilanadi.
Konstitutsiyaviy islohotlar natijasida hokim Kengashga rahbarlik qilishiga oid norma bekor qilinishi va vakolatlari bir-biridan ajratilishi vakillik organlari va deputatlar rolini oshirishdagi muhim qadam bo‘ldi.
Shu o‘rinda aytish kerakki, Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining ta’sirchan kuchi, saylovchilarning ishonchi va jamiyat oldidagi nufuzi ularning erkinligi, faoliyatining moddiy-moliyaviy jihatdan mustaqil bo‘lishi va malakali kadrlarga bog‘liq. Shu nuqtai nazardan Kengashlarda asosiy o‘rinni egallovchi kotibiyatlarni moddiy-moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, ularni malakali kadrlar bilan ta’minlash va rag‘batlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, bugun Xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga xalq manfaatlariga xizmat qiluvchi yangi vazifalar berildi, vakolatlari yanada kengaydi, jamiyat oldidagi mas’uliyati oshdi. Bu esa Kengashning mahalliy davlat hokimiyati organlarini tiyib turishi va samarali jamoatchilik nazoratini amalga oshirishga xizmat qiladi.
Zaynab Masharipova,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Xorazm viloyati hududiy bo‘linmasi mutaxassisi.
O‘zA