Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahalliy Kengashlar vakolatlari kengaydi
16:30 / 2025-07-09

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati devonining Hududiy vakillik organlari faoliyatini o‘rganish markazi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi bilan hamkorlikda Nukus shahar hokimligida “Mahalliy Kengashlar faoliyatini namunali tashkil etishning asosiy yo‘nalishlari, muammolar va yechimlar” mavzusida ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminar ishtirokchilari dastlab Xalq deputatlari Nukus shahar Kengashi faoliyati bilan tanishdi. Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi o‘rinbosari R.Saparbayev, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari O.Ataniyazova so‘zga chiqdi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda so‘nggi yillarda Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholini ijtimoiy himoya qilishga oid dolzarb masalalarni hal qilish bo‘yicha vakolatlari kengaytirilib, xalq hokimiyatchiligini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish borasida keng qamrovli islohotlar amalga oshirildi. 

[gallery-24233]

Jumladan, davlatimiz rahbarining 2024 yil 2 fevraldagi “Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoni mahalliy darajada davlat hokimiyatini transformatsiya qilishga, tom ma’noda xalqchil tizimni joriy etishga qaratilgan muhim siyosiy islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 120-moddasi uchinchi bo‘limida viloyat, tuman, shahar hokimi lavozimlaridan birini egallab turgan shaxs bir vaqtning o‘zida Xalq deputatlari Kengashining raisi lavozimini egallashi mumkin emasligi to‘g‘risida yozilgan. Viloyatlar hamda Toshkent shahar vakillik va ijro etuvchi davlat hokimiyati organlari 2025 yildan boshlab faoliyat boshlagan bo‘lsa, tuman va shahar vakillik hamda ijro etuvchi davlat hokimiyati organlari 2026 yilning 1 yanvardan kuchga kirishi ta’kidlangan. 

Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2025 yil 28 yanvardagi “Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyatini namunali tashkil etish to‘g‘risida" gi qaroriga asosan, 2025 yilning birinchi yarim yilligida har bir hududda bittadan shahar va tuman Xalq deputatlari Kengashining faoliyatini namunali yo‘lga qo‘yish, ikkinchi yarim yillikda esa, ushbu tajribani boshqa mahalliy Kengashlar faoliyatiga joriy etish choralarini ko‘rish belgilangan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida Xalq deputatlari Nukus shahar Kengashi namunali Kengash etib belgilandi. Seminarni tashkil etishdan maqsad Nukus shahar Kengashining tajribasini hududdagi boshqa mahalliy Kengashlarga joriy etishdan iborat.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi asosida qonunchilik yo‘nalishida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni hayotga tatbiq etishda, birinchi navbatda, fuqarolar, xalq manfaatini yuqori qo‘yishda, mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida mahalliy Kengash deputatlarining rolini yanada kuchaytirish va mustahkamlash bugungi siyosiy hayotimizdagi dolzarb masala bo‘lib qolmoqda.

Seminar ishtirokchilariga Xalq deputatlari mahalliy Kengashlar faoliyatini tashkiliy-texnik jihatdan boshqarish, doimiy komissiyalarni samarali tashkil etish yuzasidan Nukus shahar Kengashining tajribalari taqdim etildi. Shuningdek, mahalliy Kengashlar faoliyatini tashkiliy-huquqiy va uslubiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularning norma ijodkorligi faoliyatini tashkil etish hamda qarorlar qabul qilishda qonuniylikni ta’minlash, mahalliy byudjet va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini shakllantirish hamda ijrosini nazorat qilish, nazorat-tahlil hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan o‘zaro hamkorlikdagi faoliyati hamda Ekspert, Yoshlar maslahat guruhlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari ish tajribasidan Kengashlar faoliyatida samarali foydalanish kabi masalalar muhokama etildi.

Tadbir ishtirokchilari bu borada o‘zlarining qiziqtirgan savollariga javob oldi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA