Adliya vazirligi, “Madad” – muassasa shaklidagi nodavlat notijorat tashkiloti, BMT Taraqqiyot dasturi va Yevropa Ittifoqining qo‘shma loyihasi bilan hamkorlikda “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahrirdagi loyihasi ishlab chiqildi.
Qonun loyihasini tayyorlash jarayonida mahalliy davlat hokimiyati organlarining vazifalari va vakolatlarini aniqlashtirish, ularning asosiy faoliyatiga xos bo‘lmagan va bir-birini takrorlovchi funksiyalarini optimallashtirish maqsadida amaldagi qonun hujjatlari tahlil qilindi.
Tahlil natijalariga ko‘ra, bu sohaga oid qonun hujjatlarida muayyan muammolar mavjudligi aniqlandi. Jumladan, qonunning faqatgina bir moddasida viloyat, tuman (shahar) hokimliklarining vakolatlari umumiy tarzda belgilab qo‘yilgan, xolos. bugungi kunda hokimliklar asosan olti yo‘nalishda (moliya-iqtisodiyot, investitsiyalar va tashqi savdo, yoshlar siyosati, qishloq va suv xo‘jaligi, kapital qurilish, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash) faoliyat yuritsalarda, ushbu yo‘nalishlarga oid normalar amaldagi qonunchilikda nazarda tutilmagan.
Bundan tashqari, mahalliy davlat hokimiyati organlariga yuklatilgan funksiyalar, vazifalar va vakolatlar amaldagi qonundan tashqari yana 100 dan ortiq boshqa qonun va qonun osti hujjatlarida o‘z ifodasini topgan.
Bir qator qonun hujjatlarida mahalliy davlat hokimiyati organlarining asosiy faoliyatiga xos bo‘lmagan yoki boshqa davlat organlarining vazifalarini takrorlovchi ko‘plab funksiyalar yuklatilgan bo‘lib, bu aksariyat hollarda ularning bajarilmay qolishiga sabab bo‘lmoqda.
Masalan, “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunda mahalliy davlat hokimiyati organlariga iste’molchilar huquqlarini himoya qilib, sudlarga da’vo arizalari bilan murojaat qilish funksiyasi yuklatilgan.
“Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”gi qonunda hokimliklarga aholi o‘rtasida sport normativlarini topshirish bo‘yicha ishlarni tashkil etish, tegishli hududda jismoniy-sog‘lomlashtirish va sport inshootlaridan maqsadli foydalanishni nazorat qilinishini ta’minlash yuklangan.
Vaholanki, aynan ushbu vazifalarni amalga oshiradigan boshqa tashkilotlar ham bor.
Shuningdek, hokimliklar faoliyati samaradorligini baholash (KPI) tizimining mavjud emasligi, ular faoliyatidagi muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish imkonini bermayotir. Xususan, mahalliy davlat hokimiyati tizimini tartibga soluvchi biror-bir normativ-huquqiy hujjatda ularning faoliyati samaradorligini aniqlash va baholash bo‘yicha tartib-qoidalar nazarda tutilmagan.
Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining hokimiyat va hududiy davlat boshqaruvi organlari faoliyatini nazorat qilish bo‘yicha roli va mas’uliyatini oshirishga qaratilgan ishlari ham sust tashkil etilgan.
Ma’lumki, mahalliy Kengashlarda deputatlar doimiy asosda faoliyat olib bormaydi. Shu bois xalq deputatlari mahalliy Kengashlari tomonidan amalga oshiriladigan deputatlik nazorati mexanizmlari yetarli darajada ishga solinmagan.
Mahalliy Kengashlarda ularning faoliyatini muvofiqlashtiruvchi hamda kengashlar qarorlari ijrosini nazorat qiluvchi alohida ishchi organining mavjud emasligi, o‘z navbatida, hokimliklarning qo‘shimcha ravishda mahalliy Kengashlar vakolatiga kiruvchi vazifalarni bajarib kelishiga sabab bo‘lmoqda.
Yuqorida qayd etilgan mahalliy ijro va vakillik organlari faoliyatida mavjud muammolarni bartaraf etish maqsadida, qonun loyihasiga quyidagi yangi normalar kiritish taklif etilmoqda.
Mahalliy davlat hokimiyati: ijroiya va vakillik organlari tuzilishi, ularning vakolat va funksiyalari bir tizimga solinib, alohida boblarda ko‘rsatilganligi bilan muhim ahamiyat kasb etadi.
Bunda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarini saylash, ular faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, shuningdek, doimiy va muvaqqat komissiyalar faoliyat yuritishi tartibiga oid yangi normalar kiritilmoqda.
Yana bir muhim yangilik: qonun loyihasida mahalliy Kengashlar raisi lavozimini joriy etish taklif qilinmoqda. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad - hokimning bir vaqtning o‘zida ham vakillik organiga, ham ijroiya hokimiyatiga rahbarlik qilish vakolatini cheklash orqali amalda bir-birini tiyib turish tamoyilini ta’minlashdan iborat.
Loyihada ilgari surilgan mahalliy Kengashlar huzurida ishchi organi sifatida kotibiyatlar tuzilishi, kelajakda ular faoliyatini tizimli muvofiqlashtirib borish imkoniyatini yaratadi. Shuningdek, vakillik organlari qarorlari va boshqa hujjatlari ijrosi ustidan samarali nazoratni amalga oshirishni ta’minlaydi. Qolaversa, hokimliklarni mahalliy Kengashlar vakolatiga kiruvchi vazifalarni bajarishdan ozod etadi.
Bundan tashqari, mahalliy Kengashlarga davlat boshqaruvi organlari hududiy tuzilmalari rahbarlarining o‘z lavozimiga loyiqligi yuzasidan tegishli vazirlik va idoralarga taklif kiritish vakolati berilmoqda. Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining so‘rovi institutini joriy qilish va deputatlik nazorati bo‘yicha alohida normalar ham kiritilmoqda.
Bu kabi qoidalarning loyihada o‘z ifodasini topishi xalq deputatlari Kengashlari faoliyatini yanada kuchaytirish va ularning nazorat sohasidagi vakolatlarini kengaytirish imkoniyatini beradi.
Qonunda mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini amalga oshirish tartib-qoidalari belgilab berilmoqda. Shu bilan birga, hokimning o‘ziga yuklatilgan vakolatlarini samarali amalga oshirishi uchun yuqorida ko‘rsatilgan yo‘nalishlar bo‘yicha hokim maslahatchisi lavozimi tashkil etilishi nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, loyihada hokimlar tomonidan qabul qilinadigan hujjatlarning aniq tushunchalari, qabul qilish tartibi va boshqa davlat boshqaruv organlari bilan tegishli sohalarda yagona davlat siyosatini amalga oshirish borasida o‘zaro hamkorligiga oid qator normalar kiritilmoqda.
Qonun loyihasidagi yana bir muhim yangiliklardan biri – hokimlar faoliyatining samaradorligini aniqlash va baholash tartibi joriy etilmoqda. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad hokimlar mas’uliyatini yanada kuchaytirish, mavjud muammolarni bartaraf etish, belgilangan reja va davlat dasturlari ijrosini ta’minlashdir. Pirovard natijada faoliyat samaradorligi ko‘rsatkichlari bo‘yicha rag‘batlantirish tartibi yaratiladi.
To‘lqin Tursunov,
“Madad” – muassasa shaklidagi nodavlat notijorat tashkiloti ijrochi direktori.