Senatning birinchi yalpi majlisida davlatimiz rahbari mahalliy kengashlar faoliyatini kuchaytirish, har bir qonun bo‘yicha ularning fikrini olish amaliyotini yo‘lga qo‘yish muhimligini qayd etdi. Mahalliy kengashlar faoliyatiga har tomonlama ko‘maklashish Senatning ustuvor vazifasi etib belgilandi.
Shu maqsadda Senatda izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Hududiy vakillik organlari faoliyatini o‘rganish markazi ish olib bormoqda.
Mahalliy kengashlar vazirlik va idoralarning quyi bo‘g‘inlari, ayniqsa, tuman va shahar bo‘linmalari bilan joylarda yangicha yondashuv asosida ishlashi talab etiladi. Shu bois, ularning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, qonunchilikdagi yangiliklar haqida xabardorligini kuchaytirish zarur.
Senat qo‘mitalari bilan kengashlar hamkorligi rivojlantirilmoqda. Shu maqsadda 23 - 25 aprel kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i kengesi, xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar kengashlari doimiy komissiyalari rahbarlari Oliy Majlis Senatida amaliyot o‘tadi.
Amaliyot davomida ishtirokchilar Senat qo‘mitalari faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Mahalliy kengashlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga doir dolzarb masalalarni ko‘rib chiqishda mahalliy vakillik organlari ishtiroki samaradorligini oshirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Qonun ijodkorligi jarayoniga mahalliy kengash deputatlarini keng jalb qilish, ularning fikr va takliflarini inobatga olish, shuningdek, qabul qilinayotgan qonunlarda hududiy xususiyat va imkoniyatlarni aks ettirish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar shakllantirildi.
Bundan tashqari, doimiy komissiyalar rahbarlari uchun Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi tashabbusi bilan o‘quv seminari o‘tkazildi. Unda Senat tomonidan ishlab chiqilgan uslubiy qo‘llanma taqdim etildi. Shuningdek, doimiy komissiyalar faoliyatini samarali tashkil etish, ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha aniq rejalar belgilash va vakolatlar doirasidagi muhim masalalar muhokama qilindi.
Mazkur tadbirlar mahalliy kengashlar hamda Senat qo‘mitalari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, mahalliy hokimiyat organlari bilan ishlashda samaradorlikni oshirish hamda mahalliy ijro hokimiyati ustidan ta’sirchan parlament nazoratini ta’minlashga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA