Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahalliy Kengashlar faoliyatida xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishning muhim jihatlari nimada?
19:59 / 2025-06-28

Munosabat

O‘zbekistonda mahalliy boshqaruv organlarining vakolatlari bosqichma-bosqich kengayib bormoqda. Ushbu jarayon mahalliy Kengashlarni siyosiy-huquqiy tizimning to‘laqonli va ta’sirchan sub’ektiga aylantirmoqda. Bunday sharoitda ularning xalqaro va mintaqaviy hamkorlikdagi faol ishtirokini ta’minlash, shuningdek, faoliyatini xalqaro standartlar asosida tashkil etishni rag‘batlantirish – davlat boshqaruvi samaradorligini oshirishning muhim shartiga aylanmoqda. 

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida mahalliy Kengashlar faoliyatini takomillashtirish va ularning davlat boshqaruvidagi o‘rnini yanada mustahkamlash ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan. Shu bois davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030 yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmonida mahalliy Kengashlar faoliyatida xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida urg‘u berilgani bejiz emas, albatta. 

Ushbu yondashuv o‘z navbatida mahalliy darajada samarali boshqaruvni ta’minlash, joylardagi muammoli masalalarga tezkor va oqilona yechim topish hamda islohotlarning amaliyotdagi ta’sirini kuchaytirishga xizmat qiladi. 

Hozirgi kunda mahalliy Kengashlarning vakolatlari tobora kengayib, ularning davlat va jamiyat hayotidagi o‘rni muhim ahamiyat kasb etib bormoqda. Jumladan, mahalliy Kengashlar davlat dasturlarining ijrosini ta’minlash, joylarda qonunlarning bajarilishi ustidan nazorat o‘rnatish, mas’ul idoralarning faoliyati yuzasidan hisobotlarni eshitish kabi zarur funksiyalarni bajarmoqda. 

Mahalliy Kengashlar bunday ko‘lamli vazifalarni samarali amalga oshirishi uchun xorijiy va xalqaro ilg‘or tajribalarni chuqur o‘rganishi hamda ularni milliy manfaatlarga mos ravishda amaliyotga tatbiq etishi zarur. Bu esa nafaqat mahalliy boshqaruvning sifati va samaradorligini oshiradi, balki aholining davlat idoralariga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. 

Shu nuqtai nazardan, xalqaro maydonda mahalliy darajadagi hamkorlikning yo‘lga qo‘yilishi, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan amaliy mexanizmlarni joyning ehtiyoj va xususiyatlariga mos ravishda shakllantirish imkonini beradi. Bu esa amalga oshirilayotgan tashabbuslarning natijadorligi va samaradorligini ta’minlaydi. 

Ta’kidlash joizki, farmonda transchegaraviy hamkorlik masalasiga ham alohida urg‘u berilgan. Suv resurslaridan samarali foydalanish, chegaraoldi infratuzilmani rivojlantirish, sanitariya talablari, savdo aloqalari va sarmoya loyihalarini muvofiqlashtirish kabi masalalar davlatlarning mahalliy darajadagi idoralari o‘rtasida yaqin hamkorlikni talab etadi. Bunday muammolarni hal etish uchun qo‘shni davlatlarning mahalliy Kengashlari o‘rtasida muntazam muloqot va institutsional hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhim sanaladi. Shuningdek, qo‘shni mamlakatlar mahalliy Kengashlari bilan transchegaraviy loyihalarda ishtirok etish, xalqaro grantlarni jalb qilish bo‘yicha dasturlar ishlab chiqish imkoniyatini birlashtiradi ham. 

Shuni e’tirof etish kerakki, O‘zbekistonda mahalliy Kengashlar faoliyatida xalqaro aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan qonuniy asos hali yetarli darajada shakllanmagan. Hozircha bunday hamkorlik asosan markaziy organlar orqali amalga oshirilmoqda. Shuning uchun mahalliy Kengashlarning bevosita xalqaro hamkorlik aloqalariga kirishishi huquqiy mexanizmlar bilan mustahkamlanishi zarur. Ya’ni, mahalliy vakillik organlarining xalqaro aloqalari uchun huquqiy asos yaratilishi lozim. Shu maqsadda farmonda mazkur masalani huquqiy jihatdan tartibga solishga doir topshiriqlar ham qayd etib o‘tilgan. Bu, nafaqat vakolatlarni aniq belgilab berish, balki xalqaro hamkorlik imkoniyatlarini qonunchilik orqali mustahkamlash uchun zamin bo‘ladi. 

Shuningdek, farmonga ko‘ra, mahalliy Kengashlar xalqaro darajadagi vakillik organlari uyushmalariga a’zo bo‘lishi masalasini o‘rganish ham dolzarb hisoblanadi.

Bu, avvalo ,o‘zaro tajriba almashishga imkon yaratadi, shuningdek, aniq masalalar bo‘yicha qo‘shma yechimlarni ishlab chiqish, hamkorlik loyihalarini amalga oshirish va tegishli idoralar bilan aloqalar o‘rnatishda muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi. Zamonaviy tilda aytganda, bu – kengashlararo “networking” mexanizmlari orqali o‘zaro hamkorlikni faollashtirish demak. Kengashlarimiz uchun xalqaro tashkilotlar bilan bevosita muloqot kanallarining yetarli emasligini inobatga olsak, bunday imkoniyat, shubhasiz, kengashlararo hamkorlik istiqbollarini kengaytirishga xizmat qiladi. 

Xususan, jahon tajribasida mazkur yo‘nalishda qator samarali modellar shakllangan. Jumladan, Yevropa Ittifoqidagi shahar va hududlar “Yevropaning Mintaqaviy Kengashi” (CEMR) orqali muntazam hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. A’zo-hududlar transport, ekologiya, turizm, ijtimoiy himoya va boshqa sohalarda umumiy siyosatni muhokama qilish hamda tajriba almashish imkoniga ega. OECD qoshidagi Mahalliy boshqaruv forumi turli davlatlar mahalliy hokimiyat organlari o‘rtasida raqobatbardoshlik, inklyuziv rivojlanish hamda raqamli xizmatlar ko‘rsatish kabi masalalarda tajriba almashuvini tashkil etadi. Osiyoda esa ASEANning shaharlararo hamkorlik platformalari orqali transchegaraviy savdo va infratuzilma loyihalari rivojlantirilmoqda. BMTning Habitat dasturi shaharlar o‘rtasidagi barqaror rivojlanishga qaratilgan loyihalarni birlashtiradi. Ushbu mexanizmlar orqali siyosiy va ma’muriy jihatdan tajriba almashish, umumiy muammolarga birgalikda yechim topish bo‘yicha sa’y-harakatlar samarali amalga oshirilmoqda. 

Bunday imkoniyatlarning yaratilishi, ya’ni davlatimiz rahbari imzolagan farmon orqali mahalliy Kengashlar faoliyatida xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha huquqiy va institutsional asoslarning shakllantirilishi – ayni paytda, kun tartibiga xalqaro hamkorlik, diplomatik muloqot va jamoatchilik bilan aloqalar sohalarida maxsus o‘quv dasturlarini joriy etish masalasini qo‘yadi. 

Zero, mazkur sohalarda zarur ko‘nikma va salohiyatga ega kadrlarni tayyorlash mahalliy Kengashlarning tashqi aloqalarini mustahkamlash, xalqaro sheriklikda faol ishtirokini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Bunday tayyorgarlik mahalliy darajada xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilishi barobarida, farmonda belgilangan maqsad va vazifalarning ijrosini to‘liq ta’minlashga imkoniyat yaratadi. 

Xulosa qilib aytganda, mahalliy Kengashlarimizning xalqaro maydondagi faol ishtiroki, shuningdek, ularni global hamkorlik tarmoqlariga jalb etish orqali inklyuziv, javobgar va hisobdor mahalliy boshqaruv tizimini shakllantirish mumkin. Bu esa Yangi O‘zbekistonni barpo etishdagi muhim ustuvorliklardan biri bo‘lib, davlat boshqaruvida ochiqlik, samaradorlik va jamoatchilik ishonchini oshirishga qaratilgan islohotlarning uzviy davomi sifatida namoyon bo‘ladi. 

Eldor TULYAKOV,

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori,

Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi deputati.

O‘zA