Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahalliy kengashlar faoliyati yanada takomillashtiriladi
16:23 / 2025-07-09

Parlament yuqori palatasi birinchi yalpi majlisida davlatimiz rahbari Senatning mahalliy kengashlar bilan hamkorligi, ular faoliyatiga amaliy va uslubiy ko‘mak ko‘rsatish borasidagi faoliyatini yanada kuchaytirish zarurligini qayd etdi.

Senat tomonidan keyingi paytda aynan shu masalaga doimiy e’tibor qaratilmoqda. Mahalliy kengashlar bilan hamkorlik, fikr almashish sezilarli darajada yaxshilandi. Qonunlar muhokamasi jarayonida ham mahalliy kengashlar vakillari mulohazalari inobatga olinmoqda.  

Davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030 yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni bilan esa “O‘zbekiston Respublikasida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030 yilga qadar rivojlantirish” konsepsiyasi tasdiqlandi.

Konsepsiyaga ko‘ra, mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari tizimini rivojlantirishning strategik maqsadlari va ustuvor yo‘nalishlar belgilandi. Unga ko‘ra, mahalliy kengashlar, ularning organlari hamda deputatlarining nazorat faoliyatini takomillashtirish, byudjet va hududlarni rejalashtirish jarayonlaridagi ishtiroki kuchaytiriladi.  

Aholi muammolari va hudud manfaatlariga oid muhim va dolzarb masalalarni hal etish – “mahalla yettiligi” – tuman (shahar) kengashi – viloyat kengashi – Senat” tamoyili asosida kuchaytiriladi. 

Shu kunlarda Senat tomonidan “Mahalliy kengashlar faoliyatini namunali tashkil etishning ustuvor yo‘nalishlari: muammo va yechimlar” mavzusida onlayn o‘quv seminarlari tashkil etilmoqda.  

Senat a’zolari, Senat devoni xodimlari, mahalliy kengashlar deputatlari va kotibiyatlari xodimlari hamda OAV vakillari ishtirokida tashkil etilgan seminarda Nukus shahar kengashi faoliyati namunali tashkil etilgani e’tirof etildi. Bu tajribani Qoraqalpog‘iston Respublikasining boshqa tuman va shahar kengashlariga tatbiq etish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Kengash binosi zamonaviy talablarga muvofiq ta’mirlangani, zarur moddiy-texnik vositalar bilan jihozlangani aytib o‘tildi. Shuningdek, doimiy komissiyalar faoliyati, xususan, xat-hujjatlar yuritilishi, sessiyalarga tayyorgarlik ko‘rish va masalalarni izchil muhokama qilish tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilgani haqida axborot berildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish va xavfsizlik masalalari bo‘yicha doimiy komissiya raisi tomonidan deputatlik nazoratining kuchaytirilayotgani, vazirlik va idoralar rahbarlarining hisobotlari muntazam eshitilayotgani ta’kidlandi.

Shu bilan birga, mahalliy byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari bo‘yicha doimiy komissiya raisi hududlarni rivojlantirish dasturlari deputatlar ishtirokida shakllantirilayotgani va mablag‘larning sarflanishi qat’iy nazoratda ekanini ma’lum qilindi.

Navbatdagi seminarda Senatning Hududiy vakillik organlari faoliyatini o‘rganish markazi a’zolari, Andijon viloyati hamda tuman (shahar) kengashlari deputatlari va kotibiyat mas’ullari, shuningdek, OAV vakillari ishtirok etdi. Unda kengashlar faoliyati samaradorligini oshirish, aholining dolzarb muammolarini hal etishda ularning rolini kuchaytirishga qaratilgan fikr-mulohazalar bildirildi.

Ishtirokchilar kengash ishini namunali tashkil etish bo‘yicha ilg‘or tajriba va amaliy yondashuvlar bilan o‘rtoqlashdi.

Bu kabi tadbirlar davom ettiriladi.  

N.Abduraimova, O‘zA