English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahalliy Kengashlar faoliyati takomillashmoqda
16:38 / 2025-07-23

Farmon va ijro

Olmaliq shahrida “Mahalliy Kengashlar faoliyatini namunali tashkil etishning ustuvor yo‘nalishlari: muammo va yechimlar” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi. Unda Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi deputatlari, tuman-shaharlardagi deputatlar, shahar hokimligi vakillari, hamkor tashkilotlar mutaxassislari qatnashdi. 

Jarayonda mahalliy Kengashlar faoliyatini samarali tashkil etish, kadrlar va moddiy-texnik masalalarni hal etish, deputatlar faolligini oshirish, fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi. 

Jumladan, Xalq deputatlari Olmaliq shahar Kengashi deputatlarining ish jarayoni ko‘rib chiqildi. Xalq deputatlari Olmaliq shahar Kengashi deputatlari tomonidan hozirgacha 15 ta turli davlat tashkiloti rahbarlariga deputatlik so‘rovlari yuborilgan bo‘lib, shundan barchasiga o‘z muddatida ijobiy javoblar olingan. Shu bilan birga, 107 marotaba xalq bilan uchrashuvlar o‘tkazilgan. Unda qabul qilingan og‘zaki va yozma murojaatlarga tegishli tartibda javob berilgan. 

Seminarda Prezidentimizning 2025 yil 23 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030 yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyati, unda belgilangan vazifalar tahlil qilindi. Ayniqsa, mazkur hujjatda mahalliy Kengashlar, ularning organlari hamda deputatlarining nazorat faoliyatini takomillashtirish, byudjet va hududlarni rejalashtirish jarayonlaridagi ishtiroki kuchaytirilgani qayd etildi. Tadbirda ijtimoiy soha, yoshlar siyosati, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha doimiy komissiya faoliyati ko‘rib chiqildi. 

– Shu kungacha saylovchilarni tashvishga solayotgan muammolarni chuqur o‘rganish va ularning yechimi yuzasidan zarur choralar ko‘rish uchun joylarda 15 marta uchrashuvlar o‘tkazilgan, – deydi mazkur komissiya raisi Azamat Mavlonov. – Ta’lim tizimining holatini, o‘quv-tarbiya jarayonini rivojlantirish, kollej va texnikumlarda yoshlarning muayyan kasb egasi bo‘lishini, bandligi ta’minlanishi tahlil qilinib, yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar kiritilmoqda. Joylarda tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash, mahalliy davolash-profilaktika muassasalarini rivojlantirish bo‘yicha nazorat-tahlil faoliyati amalga oshirilmoqda.

Tadbir davomida korrupsiyaga qarshi kurashish, xavfsizlik va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari ko‘rib chiqildi. Mahalliy Kengashlar huzuridagi Ekspert guruhlari, Yoshlar maslahat guruhlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari ish tajribalaridan samarali foydalanish kerakligi aytildi. 

A.Musayev, O‘zA.