Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyatida boshqaruvni yanada takomillashtirish, Kengash raisi va Kengash sessiyalari ish hajmini yengillashtirish maqsadida “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Mazkur qonun loyihasi parlament quyi palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida ko‘rib chiqildi.
Loyihaga ko‘ra, jamoatchilik asosida xalq deputatlari mahalliy Kengashi raisi o‘rinbosari instituti joriy etilmoqda va unga bir vaqtning o‘zida Kengash kotibiyati mudiri vazifasi ham yuklanmoqda.
Kengash raisi o‘rinbosari – Kengash kotibiyati mudiriga Kengash kotibiyati xodimlarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod qilish vakolatini berish hamda Kengash Rayosati institutini tashkil etish va uning ish faoliyatini belgilashi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, mahalliy Kengash deputatlari tomonidan mansabdor shaxslarning eshituvini o‘tkazish tartibi joriy etilmoqda. Bundan tashqari, “Kengash soati” amaliyotga joriy qilinayotgani shoshilinch masalalarni ko‘rib chiqish va qaror qabul qilish imkonini beradi.
Muhokamalarda fraksiya a’zolari qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlagan holda bir qator takliflarni bildirdi. Qayd etilganidek, bundan 5-6 yil avval mahalliy Kengashlarning tashkiliy ishlariga hokimiyatlarning tashkiliy-nazorat bo‘limlari mas’ul edi. Prezident tashabbusi bilan mahalliy Kengash kotibiyatlari tashkil etilgani, mahalliy Kengashlarga hokim emas, deputatlar orasidan tanlangan vakil raislik qilishi ijobiy amaliyot bo‘ldi. Endilikda Kengash raisi o‘rinbosari lavozimi joriy etilishi ular faoliyatining yanada samaradorligini ta’minlaydi.
Shuningdek, fraksiya rahbari Alisher Qodirov bugungi islohotlarda mahalliy Kengash deputatlarining roli sezilmayotgani, Kengashlarda partiyalar deputatlik guruhlari imkoniyatidan samarali foydalanilmayotganini ta’kidladi. “Deputatlik guruhlari o‘zi saylangan partiya bilan aloqada bo‘lishi, partiyasiga suyanishi, partiya dasturiy vazifalaridan kelib chiqib, masalalarni ilgari surishi kerak. Bu borada deputatlik guruhlarining rolini oshirish lozim”, dedi partiya yetakchisi.
Ta’kidlanganidek, xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga berilgan vazifa va vakolatlar kengayib, ularning ish hajmi ortib borayotgan bir paytda Kengash raisi o‘rinbosari lavozimining joriy qilinishi, umuman qonun loyihasida ko‘zda tutilayotgan normalar Kengashlar ishini yanada samarali tashkil etish, ularning faoliyati samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA