Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida kiritilgan “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Qonun loyihasi bilan xalq deputatlari mahalliy Kengashi raisi o‘rinbosari institutini joriy etish, unga bir vaqtning o‘zida Kengash kotibiyati mudiri vazifasini bajarish hamda Kengash kotibiyati xodimlarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod qilish vakolatlarini berish nazarda tutilmoqda.

Muhokamalarda fraksiya a’zolari ushbu hujjatning ahamiyati, undagi normalaryuzasidan o‘zlarining fikrlarini bildirdi. Xususan, fraksiya a’zosi Odiljon Iminovning fikricha, kiritilayotgan o‘zgartirishlar nafaqat xalq deputatlari Kengashlari faoliyatini samarali tashkil etishga, balki aholining qaror qabul qilish jarayonlaridagi ishtirokini kengaytirishga xizmat qiladi.
Qizg‘in muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi qo‘llab-quvvatlandi.

Shuningdek, yig‘ilishda “Sud hokimiyati organlari faoliyatini moliyalashtirish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi. Ushbu hujjat bilan sud hokimiyati organlari faoliyatini moliyalashtirishning umumiy qoidalari, asosiy prinsiplari takomillashtirilmoqda. Muhokamalarda qonun loyihasidagi ayrim normalar fraksiya a’zolarining e’tirozlariga sabab bo‘ldi. Shundan kelib chiqib, undagi normalar deputatlar bergan takliflar asosida takomillashtiriladigan bo‘ldi.
Muhtarama Komilova, O‘zA