2026 yil 4 fevralda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF–17-sonli “Mahalliy ishlab chiqarish va sanoat kooperatsiyasini yangi tizim asosida rivojlantirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi.
Mazkur Farmonga muvofiq, 2026 yil 1 iyuldan boshlab respublika va hududlar bozorini chuqur tahlil qilish orqali milliy iqtisodiyotda qo‘shilgan qiymat zanjirlarini kengaytirishga xizmat qiladigan raqobatbardosh mahsulotlar ro‘yxati sohalar kesimida bosqichma-bosqich shakllantirilib, ommaviy e’lon qilib boriladi.
Farmon ijrosini ta’minlash doirasida qabul qilingan qarorga muvofiq, Raqobat qo‘mitasiga tovar va xizmatlar bozorlarining to‘yinganlik darajasini o‘rganish vazifasi yuklatildi.
Ayni paytga qadar Raqobat qo‘mitasi huzuridagi Raqobat siyosati va iste’molchilar huquqlari tadqiqotlari markazi tomonidan tovar va moliya bozorlari hamda iqtisodiyot tarmoqlarida ilg‘or ekonometrik va innovatsion yondashuvlar asosida 150 dan ortiq tahliliy ishlar amalga oshirildi. Natijada, mamlakatimizda ishlab chiqarishga tavsiya etilishi mumkin bo‘lgan 110 turdagi tovar bozori aniqlanib, tadbirkorlik imkoniyati mavjud sohalar mahsulotlar bo‘yicha to‘yinganlik darajasi kesimida shakllantirildi.
Tahliliy ma’lumotlar infografika ko‘rinishida Raqobat qo‘mitasi hamda Markazning rasmiy veb-saytlari va ijtimoiy tarmoqlari orqali jamoatchilikka yetkazib borilmoqda. Bu esa investorlar va tadbirkorlarga ishlab chiqarish uchun istiqbolli mahsulotlar haqida ochiq, shaffof va ishonchli axborotlardan foydalanish imkonini bermoqda.
Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari bozorlarida narx barqarorligini ta’minlash maqsadida tuxum, sut, sabzi, piyoz, kartoshka, mol va parranda go‘shti kabi mahsulotlar bo‘yicha ishlab chiqarishdan tortib yakuniy iste’molchigacha bo‘lgan zanjir tahlil qilinib, ekonometrik instrumentlar asosida qisqa muddatli narx prognozlari ishlab chiqilmoqda. Ushbu tahliliy ma’lumotlar va takliflar muntazam ravishda Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralarga taqdim etilmoqda.
Shuningdek, respublika iqtisodiyotida raqobat va ishbilarmonlik muhitini baholashga xizmat qiluvchi biznes faolligi indeksi hamda hududiy raqobatbardoshlik indeksi ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi.
Biznes faolligi indeksi AQSHda qo‘llaniladigan Purchasing Manager’s Index (PMI) va xalqaro amaliyotda keng tan olingan metodologiyalar asosida shakllantirilgan bo‘lib, ushbu ko‘rsatkich 50 banddan yuqori bo‘lsa, iqtisodiyotda barqaror o‘sish va faollikning ortib borayotganini anglatadi.
Hududiy raqobatbardoshlik indeksi esa AQSH, Yevropa Ittifoqi va boshqa rivojlangan mamlakatlar tajribasi asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, respublikadagi 14 ta ma’muriy-hududiy birlik kesimida investitsiyalarni jalb etish, mehnat resurslari, infratuzilma, ijtimoiy barqarorlik va raqobat muhitini kompleks baholash imkonini yaratadi.
Raqobat qo‘mitasi huzuridagi Tadqiqotlar markazi tomonidan mazkur yo‘nalishdagi tahlil ishlari tizimli ravishda davom ettirilmoqda.
Xamroz Bayanov, O‘zA