English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahalliy investorlar yana bir yangi loyihaga qo‘l urdi
15:15 / 2025-04-16

Sirdaryo viloyatining Sardoba tumanidagi “Sardoba Universal Cluster” MCHJ sanoat kompleksi hududida yana bir istiqbolli loyiha amalga oshirildi.

"Agrofomex" mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischilari tomonidan keng turdagi iste’molchilarni ekologik toza, distillangan va gazlangan salqin ichimliklar bilan ta’minlash hamda yangi ish o‘rinlari yaratish maqsadida yirik loyihaga qo‘l urildi.

Yillik ishlab chiqarish quvvati 7500 tonnani tashkil etuvchi mazkur korxona uchun Xitoy va Rossiya kabi mamlakatlardan zamonaviy, ekologik toza ichimliklarni tozalash, qadoqlash va sifatli tayyor mahsulot shaklida yetkazib berishga mo‘ljallangan uskunalar olib kelinib, o‘rnatildi.

Mahalliy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish maqsadida loyiha tashabbuskorlari tomonidan 2,4 milliard so‘mlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya mablag‘i kiritildi. Natijada "Sardoba Water" brendi ostida distillangan va gazlangan salqin ichimliklar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

Bu loyiha doirasida qo‘shimcha 10 ta yangi ish o‘rni yaratilib, mahalliy yoshlar doimiy ish o‘rni bilan ta’minlandi. Yangi korxona nafaqat ish o‘rinlari, balki ichki bozorni raqobatbardosh, sifatli mahsulotlar bilan boyitish borasida ham muhim ahamiyatga ega.

– Bugungi kunda bozorda raqobat yuqori, iste’molchilar esa sifat va xavfsizlikka alohida e’tibor qaratishmoqda. Biz bu loyihani amalga oshirishda, avvalo, fuqarolarimizni sog‘lom, ekologik toza ichimliklar bilan ta’minlashni maqsad qildik. Shu bilan birga, yangi ish o‘rinlari yaratish orqali yoshlarimizni doimiy daromad manbai bilan ta’minlashga intildik.

Korxonamizda foydalanilayotgan zamonaviy uskunalar suvni xalqaro standartlarga mos ravishda tozalash va qadoqlash imkonini beradi. "Sardoba Water" brendini nafaqat mahalliy, balki kelgusida mintaqaviy bozorlarga ham olib chiqish niyatimiz bor. Bu borada izchil harakatdamiz, davlatimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanyapmiz, – deydi "Agrofomex" MCHJ direktori Ulug‘bek Talibayev.  

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri