Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar institutida "Mahalliy ijro hokimiyati faoliyatini KPI asosida baholash bo‘yicha tanlab olingan Kosonsoy va Dehqonobod tumanlarida 2021-2022 yillarda amalga oshirilgan ishlar natijasi" mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Ushbu institut mas’ullari, soha mutaxassislari va BMT TD loyiha vakillari ishtirok etgan tadbirda tanlab olingan ushbu tumanlarda loyiha doirasida olib borilgan ishlar va uning natijalari haqida so‘z yuritildi.
Qayd etilganidek, tajriba tariqasida tanlangan Qashqadaryo viloyatidagi Dehqonobod tumani va Namangan viloyatidagi Kosonsoy tumanida loyiha asosida mahalliy ijro hokimiyati faoliyatida KPI tizimini joriy qilish va bu tizimdan foydalanishda dastavval mahalliy davlat hokimiyatining faoliyat ko‘rsatish yo‘nalishlarini va strategik rivojlanish maqsadlarini belgilab olish, shundan kelib chiqqan holda ularning vazifalarini samarali taqsimlash va vakolatlarini aniq belgilash ko‘zda tutiladi.
– O‘zbekistonda samaradorlikning muhim ko‘rsatkichlarini tizimli yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hamkorlik qilyapmiz, – dedi BMT TD loyiha rahbari Abror Xo‘jayev. – Aytib o‘tilganidek, o‘tgan davrda loyihamiz ikkita viloyatning ikkita tumanida samaradorlikning muhim ko‘rsatkichlari bo‘yicha baholash sinov tariqasida tatbiq etildi. Bugun esa ushbu loyihaning hisobotlarini tahlil etdik. Endi kamida yana beshta tumanda mazkur loyihani tatbiq etamiz. Shuningdek, biz KPIni qo‘llashda asosan hokimiyat organlarining umumiy ko‘rsatkichlarini hisobga olamiz. Agarda har bir hokimiyat mutaxassisining KPI natijasi yaxshi bo‘lsa, bu tuman hokimiyatining KPI yaxshi bo‘lganidan dalolat beradi.
[gallery-10022]
Jahon mamlakatlari tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, davlat boshqaruv organlari, shu jumladan, mahalliy ijro hokimiyati organlari faoliyatini samaradorligining muhim ko‘rsatkichlari tizimidan foydalangan holda baholash boshqa mezonlardan o‘zining bir qator ustunliklari bilan ajralib turadi. bugungi kunda ko‘plab rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarda, xususan, AQSH, Avstraliya, Buyuk Britaniya, Irlandiya, Germaniya, Fransiya, Belgiya, Kanada va Qozog‘iston davlatlarida mazkur tizimdan keng foydalanilmoqda.
Tadbirda PMTI loyiha rahbari Komiljon Qo‘ziyev Qashqadaryo viloyatidagi Dehqonobod tumani va Namangan viloyatidagi Kosonsoy tumanida loyiha asosida amalga oshirilgan natijalarga atroflicha to‘xtalib o‘tdi.
– Mazkur tadqiqotdan ko‘zlangan maqsad ilg‘or xorijiy tajriba asosida tuman hokimiyatlari faoliyatini baholash mezonlari va uslubi, ya’ni KPI tizimini joriy qilish bo‘yicha ilmiy-amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat. Tadqiqot maqsadidan kelib chiqib, 2 bosqichli quyidagi asosiy vazifalar amalga oshirildi. Xususan, 1-bosqichda mahalliy hokimliklar tomonidan amalga oshirilishi belgilangan vazifalar, qarorlar va dasturlardan kelib chiqib, metodologiya takomillashtirildi, tumanlar hokimliklarini baholashga moslashtirildi. Baholash mezonlari sifatidan tanlangan ko‘rsatkichlar bo‘yicha statistik ma’lumotlarni to‘plash, hudud faoliyati bilan tanishish maqsadida pilot hududlarga borildi va ma’lumotlar bazasi shakllantirildi. Viloyat hokimligi, tuman deputatlari, vazirlik va idoralarning tuman bo‘limlari, tuman aholisi va tadbirkorlari hamda NNT xodimlari, blogerlar va jurnalistlar o‘rtasida mustaqil so‘rovlar o‘tkazildi. Shakllantirilgan ma’lumotlar asosida 2021 yilning birinchi yarim yilligi bo‘yicha pilot tumanlar hokimliklari faoliyati natijadorligi (KPI) baholandi. 2-bosqich esa pilot tumanlar hokimliklari (Kosonsoy va Dehqonobod tumanlari) xodimlari uchun ularning salohiyatini oshirish va KPI ko‘rsatkichlarini yaxshilash bo‘yicha treninglar o‘tkazildi hamda ularning malakaviy ko‘nikmalari oshirildi, – dedi K. Qo‘ziyev.
Shuningdek, davra suhbati yakunida amaliy natijalar sarhisob qilinib, bildirilgan takliflar asosida bu bo‘yicha kelgusi ishlarni yanada takomillashtirish yuzasidan kelishib olindi.
Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA muxbiri