Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahalliy hokimliklar ochiqlanishi kerak bo‘lgan 386 hujjatni asossiz yashirgani aniqlandi
17:17 / 2026-01-26

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan «yashirilgan» yoki "xizmat doirasida foydalanish uchun" (XDFU grifi bilan) qabul qilingan qaror va farmoyishlar o‘rganildi.

Davlat rahbarining 2025 yil 30 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi  kurashish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmonida Agentlik zimmasiga “E-qaror” tizimida qabul qilinadigan hujjatlarni e’lon qilishda ochiqlikka oid qonunchilikka rioya etilishini nazorat qilish va ochiqlikni ta’minlash bo‘yicha ta’sirchan choralarni qo‘llash vazifasi yuklatilgan.

Tahlillar natijasiga ko‘ra, viloyat, tuman va shahar hokimliklari tomonidan 1 ming 907 qaror va farmoyish ushbu asoslarda qabul qilingani aniqlandi. Dastlabki o‘rganishlar jarayonida mazkur hujjatlarning 386 tasi asossiz ravishda  yashirilgani ma’lum bo‘ldi.

Yashirilgan qarorlarning 68 tasi tashkiliy tuzilmani tasdiqlash, 46 tasi mablag‘ ajratish, 34 tasi rag‘batlantirish, 156 tasi lavozimga tayinlash hamda 82 tasi boshqa masalalarga oid hujjatlardan iborat bo‘lgan. 

Ochiqlanmagan hujjatlar soni bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Farg‘ona (67 ta), Xorazm (32 ta), Buxoro (58 ta), Qashqadaryo (41 ta) va Samarqand (38 ta) viloyatlari hissasiga to‘g‘ri kelgan. 

Agentlik tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimliklariga asossiz yashirilgan 68 qaror va farmoyishni ochiqlash va mazkur  qonunbuzilishining kelib chiqishiga sababchi bo‘lgan mas’ul xodimlarga nisbatan tegishli chora ko‘rish yuzasidan   taqdimnomalar kiritildi.

Hozirda asossiz deb topilgan qolgan hujjatlar bo‘yicha o‘rganish ishlari davom ettirilib, natijalariga ko‘ra har bir qaror va  farmoyishga nisbatan belgilangan tartibda huquqiy ta’sir choralari qo‘llanilishi ta’minlanadi.

N.Abduraimova, O‘zA