Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi ma’lum qilishicha, mamlakatimiz iqtisodiyotida davlat ishtirokini qisqartirish bo‘yicha bir qator mexanizmlar joriy etildi.
Xususan, agar tovar bozorida 5 ta va undan ortiq xususiy sektor sub’ektlari faoliyat yuritib kelayotgan bo‘lsa, ushbu sohalarda davlat ishtirokidagi korxonalarni ta’sis etilishiga cheklovlar kiritildi.
Shuningdek, litsenziyalash, akkreditatsiyadan o‘tkazish va ruxsat berish vakolati berilgan davlat organlari va monopoliyalarga o‘zlarining ishtirokidagi korxonalarni tashkil etilishiga taqiq kiritildi. Qolaversa, davlat ishtirokidagi korxonalarni tashkil etishda raqobatga ta’sirini baholash mexanizmi va Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining dastlabki roziligini olish tartibi joriy qilindi.
Masalan, birgina 2021-2022 yil davomida qo‘mita tomonidan davlat ishtirokidagi korxonalarni tashkil etish bo‘yicha jami 45 ta murojaatdan 33 foizida korxonalarni tashkil etish rad etilgan. Davlat ishtirokidagi korxonalarga asosiy faoliyatidan xos bo‘lmagan qo‘shimcha faoliyat bilan shug‘ullanish va boshqa korxonalarda ulushga ega bo‘lishga taqiq o‘rnatildi. Natijada, davlat ishtirokidagi korxonalar soni so‘nggi ikki yilda qariyb 3 mingdan 2,1 mingtagacha yoki 30 foizga qisqardi.
Tovar va moliya bozorlarida raqobatni yanada rivojlantirish, yangi ishtirokchilarni erkin kirib kelishini ta’minlash maqsadida tadbirkorlar uchun 185 turdagi litsenziya va ruxsat berish tartib-taomillari qisqartirildi yoki soddalashtirildi.
Islohotlar natijasida 31 ta tovar va xizmatlar bozorlarida tadbirkorlarning kirishini erkinlashtirish hisobiga yetarli darajada raqobat shakllandi va monopoliya holatidan chiqarildi. Jami monopol korxonalar soni esa so‘nggi 5 yilda 20 foizga kamaydi va bugungi kunga kelib 90 tani tashkil etmoqda.
Birgina joriy yilning o‘zida 13 ta tovar va xizmatlar bozorlarida mavjud eksklyuziv huquqlarni bekor qilinishi belgilandi va bosqichma-bosqich raqobatni shakllantirish boshlandi. Misol uchun, ishlatilgan texnik moylarni yig‘ish, o‘lchash vositalarini qiyoslash, don va paxtani sertifikatlashtirish, loyihalashtirish kabi sohalarda faoliyat yuritish uchun xususiy sektorga imkoniyat yaratildi.
Davlat organlarining, shu jumladan mahalliy hokimiyat organlarining 3,2 mingdan ortiq turli raqobatga zid qarorlari bekor qilindi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA