O‘zbekiston Respubliksi Prezidenti “O‘zbekiston Respublikasida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030 yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Mazkur Farmondan ko‘zlangan maqsad:
a) mahalliy darajada xalq hokimiyatchiligini to‘la qonli ruyobga chiqarish, jumladan, jamiyat va davlat hayotining muhim masalalarini hal etishda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining rolini oshirish;
b) fuqarolarning mahalliy boshqaruvda keng ishtirok etishiga oid demokratlashtirish jarayonlarini mustahkamlash, ijro hokimiyati organlarining mahalliy xalq vakillari oldidagi hisobdorligini oshirish;
v) hududiy boshqaruvni "aholi manfaatlariga xizmat qilish" tamoyili asosida nomarkazlashtirish va Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari hamda tuman va shahar Kengashlari vakolatlarini muvozanatli taqsimlash, har bir bo‘g‘indagi mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining vazifa va funksiyalarini aniq belgilash;
g) hududlararo savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni kuchaytirish maqsadida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari xalqaro hamkorligining huquqiy asoslarini mustahkamlashdan iborat.
Farmonga muvofiq:
a) O‘zbekiston Respublikasida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030 yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasi;
b) O‘zbekiston Respublikasida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030 yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha "yo‘l xaritasi" tasdiqlandi.
Farmonda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining tashabbuskorligini yanada oshirish maqsadida:
a) davlat ko‘chmas mulkidan foydalanganlik uchun ijara to‘lovining eng kam stavkalarini belgilash;
b) dafn etish joylarini saqlash qoidalarini va dafn etish xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha tariflar miqdorini tasdiqlash;
v) ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish o‘rinlarining eng kam sonini belgilash va zaxiraga qo‘yish;
g) yo‘llarning ayrim qismlarida harakatlanish tezligini oshirishga yoki kamaytirishga (tegishli yo‘l belgilari o‘rnatib) ruxsat berish kabi vakolatlar Xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga o‘tkazildi.
Farmon bilan:
byudjet loyihasini ishlab chiqishda mahalliy byudjet xarajatlarining muayyan qismini mahalliy Kengash deputatlarining bevosita tashabbusi asosida shakllantirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;
Oliy Majlis palatalari huzuridagi yoshlar parlamentlari tajribasidan kelib chiqqan holda, jamoatchilik asosida mahalliy Kengashlar qoshida Yoshlar guruhlari tashkil etiladi;
Mahalliy Kengash huzurida nodavlat notijorat tashkilotlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari hamda ilmiy doiralar vakillaridan iborat jamoatchilik asosida faoliyat yuritadigan Maslahat guruhlari tashkil etiladi;
Mahalliy Kengashlar kotibiyatlari faoliyatini tashkiliy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarida mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlaridan mustaqil moliyaviy hisob-kitob tizimi joriy etiladi;
Xalq deputatlari mahalliy Kengashi raisi o‘rinbosari instituti tashkil etiladi.
O‘zA