Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahalliy boshqaruvda yangi bosqich
15:24 / 2026-02-14

So‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar davlat boshqaruvini demokratik tamoyillar asosida takomillashtirishga qaratilgan izchil jarayonni yangi bosqichga olib chiqdi.

Xususan, hokimiyatlar bo‘linishi prinsipini amalda ta’minlash, qaror qabul qilish jarayonlarini aholi manfaatlariga yaqinlashtirish hamda ochiqlik va shaffoflikni kuchaytirish ustuvor vazifaga aylandi.

Mahalliy davlat boshqaruvi tizimidagi o‘zgarishlar ana shu islohotlarning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Konstitutsiyaviy yangilanishlar doirasida hokim va xalq deputatlari Kengashi raisi lavozimlarining ajratilishi institutsional muvozanatni mustahkamlashga xizmat qildi. Endilikda hokim — ijro hokimiyati rahbari sifatida, Kengash esa mustaqil vakillik organi sifatida faoliyat yuritmoqda. Bu qaror qabul qilish va uning ijrosini nazorat qilish o‘rtasida aniq vakolatlar taqsimotini belgilab, mas’uliyatni yanada oshiradi.

Yangi tartib asosida joylarda Kengash raislari deputatlar orasidan saylandi va vakillik organlarining mustaqil faoliyati uchun huquqiy zamin yaratildi. Deputat so‘rovlarining ijrosi muntazam tahlil qilinishi, mas’uliyatsizlik holatlariga huquqiy baho berilishi belgilangani esa fuqarolar murojaatlariga e’tiborni kuchaytirish va hisobdorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.

“Kuchli Kengash — hisobdor va tashabbuskor hokim” tamoyili mahalliy boshqaruvdagi yangi yondashuvning mazmun-mohiyatini ifoda etadi. Kengashlar byudjet taqsimoti, hududiy dasturlar ijrosi va qonunlar amalga oshirilishini ta’sirchan nazorat qilish orqali hududlarning barqaror rivojiga munosib hissa qo‘shmoqda.

Ayni paytda mahalliy Kengashlar faoliyatini raqamlashtirish, sessiyalarni ochiq va oshkora o‘tkazish, jamoatchilik nazorati mexanizmlarini kuchaytirishga qaratilgan zamonaviy yondashuvlar joriy etilmoqda. Bu esa fuqarolarning davlat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish, qarorlar qabul qilish jarayonini yanada shaffoflashtirishga xizmat qiladi.

Amalga oshirilayotgan islohotlar mahalliy vakillik organlarining nufuzi va mas’uliyatini oshirib, davlat boshqaruvini xalqqa yanada yaqinlashtirmoqda. Bu “davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan ustuvor tamoyilning amaldagi ifodasidir.

Olim Norjigitov,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi
Jizzax viloyati hududiy bo‘linmasining yetakchi mutaxassisi
O‘zA