French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahalliy boshqaruv tizimi yanada takomillashadi
16:36 / 2025-07-07

Keyingi yillarda mamlakatimizda xalq hokimiyatchiligini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Konstitutsiyaga muvofiq, xalq deputatlari mahalliy kengashlari raisi va hokim lavozimlari ajratilganligi “Kuchli kengash, hisobdor va tashabbuskor hokim” tamoyilini amalda joriy etishda muhim qadam bo‘ldi.

Ta’kidlash joizki, davlatimiz rahbarining joriy yil 23 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030 yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni vakillik organlari tizimida yangi davrni boshlab berdi.

Farmonning muhim jihatlariga to‘xtaladigan bo‘lsak, avvalo, mahalliy darajada xalq hokimiyatchiligini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish, jamiyat va davlat hayotining muhim masalalarini hal etishda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining rolini oshirish ko‘zda tutilgan.

Fuqarolarning mahalliy boshqaruvda keng ishtirok etishiga oid demokratlashtirish jarayonlarini mustahkamlash, ijro hokimiyati organlarining mahalliy xalq vakillari oldidagi hisobdorligini oshirish ham asosiy vazifalardan biri hisoblanadi.

Hujjatga ko‘ra, hududiy boshqaruvni “aholi manfaatlariga xizmat qilish” tamoyili asosida nomarkazlashtirish, vakolatlarni muvozanatli taqsimlash va har bir bo‘g‘indagi vazifalar aniq belgilab qo‘yilgan. Yana bir muhim masala shundaki, farmon aholi muammolari va hudud manfaatlariga oid muhim va dolzarb masalalarni hal etishni “mahalla yettiligi” – tuman (shahar) kengashi – viloyat kengashi – senat” tamoyili asosida kuchaytirishni ifoda etgani bilan ham ahamiyatlidir. 

Shu bilan birga, farmonda hududlararo savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni kuchaytirish maqsadida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari xalqaro hamkorligining huquqiy asoslarini mustahkamlashga ham alohida e’tibor qaratilgan.

Farmon bilan mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030 yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasi va uni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlangan. Shuningdek, mahalliy kengashlarning tashabbus ko‘rsatish imkoniyatlarini oshirish maqsadida ularga qo‘shimcha vakolatlar berilmoqda. Masalan, mahalliy kengashlarga davlat mulkidagi binolar va yerlar uchun ijara to‘lovining eng kam miqdorini belgilash, dafn joylarini saqlash tartibi va dafn xizmatlari narxlarini tasdiqlash huquqi berilmoqda.

Shuningdek, ijtimoiy muhofazaga muhtoj shaxslar uchun ish o‘rinlarining eng kam soni belgilanib, zarur holda zaxiraga qo‘yilishi ko‘zda tutilmoqda.

Farmonga muvofiq, ayrim yo‘llarda harakatlanish tezligini oshirish yoki pasaytirishga ham mahalliy darajada ruxsat beriladi. Shu bilan birga, mahalliy byudjetni tuzishda kengash deputatlari o‘z tashabbusi bilan xarajatlarning ma’lum qismini shakllantirishda ishtirok eta oladi.

E’tiborga molik jihati shundaki, mahalliy kengashlar huzurida jamoatchilik asosida yoshlar guruhlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari va ilmiy doira vakillaridan iborat maslahat guruhlarini tuzish belgilangan.

Kengash kotibiyatlarining faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida viloyat va Toshkent shahar kengashlarida ijro hokimiyatidan mustaqil moliyaviy hisob-kitob tizimi joriy etiladi.

Shuningdek, xalq deputatlari mahalliy kengashi raisi o‘rinbosari lavozimining ta’sis etilishi ham muhim yangilik hisoblanadi.

Mahalliy kengashlarda deputatlar va jamoatchilik vakillari ishtirokida “Kengash soati” joriy etilib, bu orqali ijro hokimiyati rahbarlari muhim ijtimoiy masalalar yuzasidan hisobot beradi.

Mahalliy kengashlar qaror qabul qilishda ochiqlikni ta’minlash maqsadida fuqarolar uchun sessiyalardagi muhokamalarni bevosita kuzatish imkoniyati yaratilayotganini ham alohida ta’kidlash lozim. Bundan tashqari, mahalliy kengashlar faoliyatini to‘liq raqamlashtirish maqsadida “E-Kengash” elektron platformasi “Qulaylik – soddalik – xavfsizlik” tamoyili asosida doimiy ravishda takomillashtirib boriladi.

Ushbu platforma orqali hujjatlar blokcheyn texnologiyasi asosida xavfsiz saqlanadi, qaror loyihalarini tayyorlashda tezkorlik va qulaylik ta’minlanadi. Shuningdek, sun’iy intellekt yordamida qaror loyihalarini ishlab chiqish va huquqiy ekspertizadan o‘tkazish imkoni yaratiladi. Sessiyalarni jonli efirga uzatish amaliyoti ham tizimli ravishda yo‘lga qo‘yiladi.

Xulosa qilib aytganda, mazkur farmon mamlakatda davlat boshqaruvini nomarkazlashtirish, xalq hokimiyatchiligini mustahkamlash va mahalliy kengashlarning hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishdagi rolini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarning mantiqiy va uzviy davomidir.

Konsepsiya doirasida belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida, sifatli va samarali bajarilishi mahalliy kengashlar hamda deputatlarning nazorat faoliyati samaradorligini oshirish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, raqamlashtirish orqali byurokratiyaning oldini olish, eng muhimi, aholi turmush farovonligini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Nozimjon Ergashev, 

Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi

Andijon viloyati hududiy bo‘linmasi yetakchi mutaxassisi.

O‘zA