Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Buxoro viloyatida axborot-kutubxona markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida birgina Vobkent tumanida bugungi kunda kutubxonalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, moddiy texnik bazasini mustahkamlashga muhim e’tibor qaratilmoqda. Buning natijasida tumanning “So‘fidehqon” mahalla fuqarolar yig‘inida zamonaviy kutubxona binosi foydalanishga topshirildi.

Mazkur zamonaviy axborot-kutubxona markazi 950 million so‘m mablag‘ evaziga qad rostladi. Shundan 600 million so‘m Respublika Yoshlar agentligi maxsus jamg‘armasi, 350 million so‘m tuman byudjetining mablag‘lari evaziga qurib bitkazildi. Kutubxona 3 ming dona kitob fondiga ega bo‘lib, unda “Ibrat farzandlari” chet tillarini o‘qitish xonasi, shaxmat-shashka sport xonasi, kitobxonlar uchun zamonaviy o‘qish zali mavjud.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.