Navoiy viloyati Navbahor tumanida aholi farovonligini oshirish va mahalla tizimini rivojlantirish maqsadida “Yangi hayot” mahalla fuqarolar yig‘inining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar ushbu yangi bino mahalla aholisi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, fuqarolar bilan ochiq muloqotni tashkil etish va jamoatchilik faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish imkonini beradi.


“Yangi hayot” mahalla fuqarolar yig‘ini 1998 yilda tashkil etilgan bo‘lib, hozirda mahallada 2137 nafar aholi istiqomat qiladi. Ularning 1123 nafarini yoshlar tashkil etadi.

– Yil boshidan buyon “Mahalla yettiligi” bilan hamkorlikda 36 nafar ishsiz fuqaromizning 31 nafarini ish bilan ta’minlandik, – deydi mahalla raisi Sunnatilla Rajabov. – Shuningdek, mahallamizda 18 nafar ijtimoiy reyestrdagi fuqarolar mavjud bo‘lib, ularning barchasiga davlat tomonidan bolalar nafaqasi tayinlangan. Shuningdek, 10 ta oila kambag‘al oilalar ro‘yxatiga kiritilib, ularga tegishli davlat tashkilotlari biriktirilgan va individual rejalar asosida yordam ko‘rsatilmoqda.

Yangi bino “Tashabbusli byudjet – 2025” dasturining 1-mavsumi doirasida g‘olib deb topilgan loyiha sifatida amalga oshirildi. Loyiha qiymati 1 milliard 377 million so‘mni tashkil etgan. Qurilish ishlari esa “Istiqbol porloq kelajak” MCHJ quruvchilari tomonidan bajarildi.
A.Bo‘riyev O‘zA