Bu savolga amaldagi qonunlarda aniq javob yozib qoʻyilgan, deysiz.
Bu savolga amaldagi qonunlarda aniq javob yozib qoʻyilgan, deysiz. Buni oʻzim ham bilaman. Sohaga oid koʻplab hujjatlarni tayyorlashda baʼzan bevosita, baʼzan bilvosita ishtirok etganman. Hech boʻlmaganda, matbuot orqali fikr bildirganman. Mahalla faoliyatini tanqid ham qilganman, qoʻllab-quvvatlaganman. Mustaqillik davrida bu tizim nechta eksperimentdan oʻtgan boʻlsa, barchasiga guvohman, shu jarayon ichida boʻldim.
Lekin hozir oʻtgan voqealarni tahlil qilishdan yiroqman. Davlatimiz rahbari keyingi 3-4 yil ichida bu noqulayliklarni bartaraf etish yoʻllarini topib berdi. Meni bitta savol hamon qiynayapti: nega shuncha eʼtibor, yengillik va imkoniyatlardan keyin ham biz mahallaning jamiyatda qadimiy, yaʼni munosib oʻrnini topa olishiga erisha olmayapmiz?
Nega mahalla tashvishi yana hokimliklar, sektor va boshqa tashkilotlar rahbarlari zimmasiga tushyapti?
Ochigʻi, oʻzim ham xalqaro anjumanlarda odamlarni jamoatchilik asosida birlashtiradigan organ – mahalla tizimi faqat bizda bor, deb faxrlanganman. Haqiqatan ham mahalla - tabarruk maskan. Odamlar shu yerda istiqomat qiladi, milliy qadriyatlar shu yerda shakllanadi, kishi shaxs sifatida barcha fazilatlarini shu yerda oʻzlashtiradi. Bu yerda turli nuqtayi nazarlar duch keladi, birlashadi, xulosalar yuzaga keladi. Jamoatchilik nazorati shu yerdan boshlanadi. Shuning uchun hayotdagi juda koʻp muammolar ana shu yerda hal boʻlgan. Tarixda shunday boʻlgan. Gunoh qilgan odam to gap-soʻz sovumaguncha guzarga chiqishga uyalgan. Hatto, mahalla ahli yomon oilani hududdan koʻchirib yuborgan.
Xoʻsh, nega shunday boʻlgan?
Xalqimiz azaldan hayotiy tajribaga ega kishilarga suyangan, ishongan, ularning aytganini qilib, kam boʻlmagan. Oq soqolli nuroniy bizda ezgulik, oqillik timsoli boʻlgan. Lekin hamma ham maslahat beravermagan. Oʻsha oq soqolli kishilar ichidan eng obroʻlisi qishloq, mahalla oqsoqoli sifatida tan olingan. Uning yurish-turishi, ibrati, salohiyati odamlarni tarbiyalagan. Chunki u pokiza, halol, madaniyatli boʻlgan, odamlarga faqat yaxshilik qilgan.
Odamlarning oqsoqol oldida nojoʻya harakat qilishga haddi sigʻmagan. Mentalitetimizda bolalarni nojoʻya harakatlardan tiyishning, tarbiyalashning hammamiz biladigan bir uslubini eslatmoqchiman. Agar bolaga onaning soʻzi oʻtmasa, u farzandiga “Otang kelsin, qiligʻingni aytib beraman, koʻrasan” degan. Bola hayiqqan, lekin ota qattiq urishmasligini ham, urmasligini ham bilgan.
Ming afsuski, biz maʼnaviyatimizdagi bunday meros ahamiyatini unutdik. Davr talabi uchun mahalla saylovi qonunlarini ishlab chiqdik. Bu yaxshi, albatta. Faqat “oqsoqol” soʻzi qavs ichiga tushdi. Mahalla rahbarini rais dedik. Raislik tizimi oʻzini oʻzi boshqarish emas, balki maʼmuriy boshqaruvga xos atama ekanini farqlamadik. Ehtimol, bu ham zamonaviy demokratik tamoyillar talabi boʻlgandir, yana ham yuristlar bilishadi.
“Rais” yakka boshqaruvga xos maʼno beradi, yaʼni hokimlik tizimiga yaqin. Biz yakkahokimchilik tizimining asoratini koʻrib turibmiz. Davlatimiz rahbari tashabbusi va islohotlar yordamida bu tizim illatlari 3-4 yil ichida ancha barham topdi. Jamiyatdagi kuchlarning vazifalari yana ham aniqlashtirilyapti. Biroq mahallaga kelganda yuqoridagi kamchiliklar bu tizimning ham ichiga singib ketganini anglab yetmayapmiz. Pandemiya sharoitida bu kamchiliklar boʻy-bastini yana koʻrsatdi, bizdan soʻrab ham oʻtirmadi.
Natija nima boʻldi?
Hamma oʻzini mahallaga urdi, boshqa iloj yoʻq. Hokim ham, sektor va boshqa tashkilotlar rahbarlari ham mahalla oqsoqoli ishini bajarishdi, bajarashyapti ham. Ilgari sal durustroq ishda ishlagan, ozgina davlati bor oqsoqollardan boshqasi oʻz dardi bilan yashayverdi, yashayapti ham. Aksariyati ijro organlari oldiga talab qoʻyishni bilmaydi. Chunki, oʻshalar ularni tavsiya etishgan, sal oʻjar kelsa, mahalla raisidan ariza olishdan osoni yoʻq. Ishonmasangiz, saylovdan keyin almashgan oqsoqollar sonini koʻrib chiqing, hammasi ayon boʻladi. Agar xalq oʻzi saylaganda, uni boʻshatishga qoʻymaydi. Agar xalq saylasa, oqsoqol xalqini himoya qiladi, uning farovon turmushi uchun kurashadi.
Eng yomoni, raislar (oqsoqollar emas) fuqaro tarafini olish oʻrniga arz qilgan odamlar ustidan maʼlumot toʻplay boshladi. Oʻz fuqarosini himoya qilish, ogʻir sharoitda yordam berish oʻrniga eʼtibordan chetda qoldiradi. Aniqrogʻi, kattaligi ustun keldi, chunki u oqsoqol emas, rais! Buning ustiga moddiy yordamdagi deyarli barcha koʻzboʻyamachiliklar, qoʻshib yozishlarning hammasida ana shu raislar ishtirok etdi: yo oʻzi tashabbuskor boʻldi yoki birorta kattaning topshirigʻini bajardi. Aks holda oʻzi yashab turgan mahalladagi odamlar ijtimoiy ahvolini haligacha xom-xatala belgilamas edilar. Ayniqsa, davlat rahbarining pandemiyaga bagʻishlangan selektor yigʻilishdagi eʼtirozi fikrimiz isbotidir. Axir ishonch boʻlmagach, yordam pullarini hokimlar, sektor rahbarlari egalariga topshirdilar. Yoʻq, men bu bilan mahalla rahbarlarini yomonlamoqchi emasman. Chunki biz ularni shu ahvolga tushirdik. Natijada ayrimlari kam boʻlsa-da, oʻz maoshiga yarasha ham naf keltirmayapti.
Bunga misol sifatida Toshkent shahar hokimining Sirgʻali tumanidagi mahalla ahli bilan uchrashuvdagi soʻzini keltiraylik: “Mablagʻ taqsimotida adolatsizlik bor ekan, bu imkoniyatni, ishni men sizlarning oʻzingizga ishonaman, roʻyxatni oʻzlaringiz belgilanglar, siz kimni aytsangiz, biz pulni oʻshanga beramiz, lekin bir sharti bor, pul oladigan ham, olmaydigan ham roʻyxatga imzo chekishi, munosabatini bildirishi kerak".
Xoʻsh, bu holatga nima deysiz?
Yaqinda matbuotda “Namangan tajribasi: endi mahalla oqsoqollari tuman kengashi sessiyasida tasliqlanadi” degan xabarni oʻqib qoldim. Bunaqada saylov qonunchiligidagi oʻzgarishlar nima boʻladi? Shusiz ham nomzodi hokim bilan kelishilayotgani bois mahalla raislari, garchi mahalla ahli tomonidan saylansa-da oʻzlarini xalq emas, hokimiyat vakilidek tutmoqda. Vaholanki, rais mahalla tomonidan saylandimi, shu mahalla oldida hisobdor boʻlishi kerak. Kengash tasdiqlagan rais esa oʻz-oʻzidan shu Kengash oldida hisobdor boʻlib qoladi.
Bu chora raislikka noloyiq odamlar kelib qolayotgani bilan bogʻlansa, demak saylov jarayonini takomillashtirish kerak, qoʻshimcha choralar oʻylab topish shart emas, nazarimda.
Men bu fikrlarni mutlaq xulosa sifatida yozmayapman, oʻz qarashlarimni bayon etyapman, xolos. Demoqchimanki, katta, nozik ishga shoshilmaylik, avvalo, aholi, huquqshunoslar, ziyolilar fikrini eshitaylik. Shundan soʻng bir xulosaga kelsak yarashadi.
Farmon TOSHEV,
Oliy Majlis Senati aʼzosi