Yillar davomida elga xizmat qilgan, endilikda boy mehnat tajribasi, hayotiy hikmatlari bilan jamiyat taraqqiyotiga hissa qo‘shayotgan insonlarning Prezidentimiz tomonidan ta’sis etilgan “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanishi nuroniylarga bo‘lgan yuksak ehtiromning munosib namunasidir.
Buxoro viloyati Romitan tumani “G‘azberon” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Ne’matillo Rahimov ham “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan faxriylardan sanaladi.
– Mehnatimiz qadr topayotganidan, bizga ko‘rsatilayotgan alohida mehr va e’tibordan juda mamnunmiz, – deydi Ne’matillo Rahimov. – Bu yuksak e’tirof qalbimizni nurlantirdi. Davlat rahbari tomonidan olib borilayotgan islohotlar natijasida bugun har bir sohada o‘zgarishlar bo‘y cho‘zmoqda. Asosiysi yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo. Mana shu tinchlikni qadriga yetishni yoshlarimizga o‘rgatib ularni tarbiyalash biz keksalarning doimiy e’tiborimizda bo‘lmog‘i lozim.
Ko‘p yillik ish tajribasi, pedagoglik faoliyati bilan elga tanilib, hurmat qozongan Ne’matillo Rahimov 40 yil davomida barkamol avlod ta’lim-tarbiyasi yo‘lida faoliyat olib bordi. Otaxon mahallada kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam ko‘rsatish, hududni obodonlashtirish, yolg‘iz keksalar va nogironlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida tashabbus ko‘rsatib kelmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.