Yangi farmon
Mahalla xalqimizning turmush tarzi, ruhiy-ma’naviy ehtiyoji, mafkurasi, tafakkuri, insonlarning o‘zaro qo‘shnichilik aloqalari, oilaviy munosabatlarni shakllantiruvchi o‘ziga xos maskan hisoblanadi. Bugun mahallaning jamiyat hayotidagi o‘rni, nufuzi yanada mustahkamlanib, u aholiga ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatishning adolatli va ta’sirchan institutiga, samarali jamoatchilik nazoratini o‘rnatadigan, odamlarga eng yaqin xalqchil tuzilmaga aylanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 21 dekabrdagi “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni mahalla nufuzini oshirish borasidagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga xizmat qilmoqda. Mazkur farmonda xalq bilan davlat o‘rtasidagi “ko‘prik” vazifasini bajaruvchi mahalla tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan “mahalla yettiligi”ning aniq vazifalari belgilangan. Shu bilan birga, yangi boshqaruv tizimi – O‘zbekiston mahallalari uyushmasi tashkil etildi.
Farmonda O‘zbekiston mahallalari uyushmasining asosiy vazifalari belgilab berildi. Jumladan, mahallani jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining tayanch bo‘g‘iniga aylantirish, uning jamiyatdagi o‘rni va rolini kuchaytirish, mahalla boshqaruvida aholining faol ishtirokini ta’minlash, har bir fuqaro o‘zi va oilasining kelajagi, moliyaviy ahvoli va farovonligini ta’minlashda mas’uliyatni sezishi, boqimandalikka o‘rganmaslik bo‘yicha targ‘ibot ishlarini amalga oshirish, shuningdek, fuqarolarni o‘z uyi va ko‘chasini ozoda saqlashga, milliy qadriyat va urf-odatlarni hurmat qilishga chaqirish, ma’naviy va ma’rifiy ishlarda mahallaning o‘rnini kuchaytirish, aholi o‘rtasida o‘zaro hurmat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash choralarini ko‘rish singari qator vazifalar belgilandi.
Bundan tashqari, “mahalla yettiligi” tomonidan mahallaning ichki resurslarini aniqlash hamda ularni ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatish uchun safarbar etishga ko‘maklashish, mahalladagi muammolarning o‘z vaqtida va samarali yechilishida davlat organlari va tashkilotlarining mahallalardagi vakillarining sa’y-harakatlarini birlashtirish, muvofiqlashtirish va yo‘naltirish, mahallaning moliyaviy imkoniyatlarini oshirish, kambag‘al oilalarga ajratilayotgan byudjet mablag‘lari va boshqa mablag‘larning maqsadli va manzilli yo‘naltirilishini ta’minlash borasida amalga oshiriladigan ishlar ham qayd etilgan.
Bugungi kunda mahallalarning boshqaruv xodimlari soni soliqchi va ijtimoiy xodim qo‘shilishi hisobiga 5 tadan 7 taga ko‘paymoqda. Mahallaning o‘zida 70 dan ortiq masala, jumladan, moddiy yordam va kreditlar, ijtimoiy yordam ko‘rsatish va subsidiyalar ajratish “mahalla yettiligi”ning kollegial qarori asosida amalga oshirilishi belgilab qo‘yildi.
Shuningdek, “mahalla yettiligi”ning faoliyati asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) bo‘yicha alohida baholanib, bunda ko‘rsatkichlar mazkur xodimlarning ish beruvchilari tomonidan Uyushma bilan kelishilgan holda tasdiqlanishi qayd etildi. Mahalla raislari vakolatlari kengaytirilgan holda hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, ijtimoiy xodim va soliq inspektorlari faoliyatini KPI asosida baholashda 20 foiz ball berish huquqiga ega bo‘ldi. Bu bilan mahalla raislariga mahallaga biriktirilgan davlat organlari vakillarini aholi muammolarini hal etishdagi natijadorligiga qarab baholash imkoniyati yaratildi.
Joriy yil 1 yanvardan boshlab barcha tuman va shaharlarda “Mahalla byudjeti” tizimi amaliyotga joriy etilib, uning shakllantirish manbalari ham aniq belgilab qo‘yildi. Ya’ni mahalla byudjeti jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha undirilgan mablag‘larning (noturar joylar bo‘yicha undiriladigan mol-mulk solig‘i va yer solig‘i bundan mustasno) 10 foizi, mahalla idoralari orqali ko‘rsatilgan davlat xizmatlari uchun undirilgan yig‘imning 10 foizi, mahalladagi hududi 2 ming kvadrat metrgacha bo‘lgan davlat ko‘chmas mulk ob’ektlarini hokim yordamchisi onlayn-buyurtmanomasiga asosan to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektron onlayn-auksion savdolari orqali sotishdan tushadigan mablag‘lar (baholash va sotish xarajatlari chegirilgan holda), mahallaning mol-mulkini belgilangan tartibda ijaraga berishdan olinadigan mablag‘lar hamda mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizomda belgilanadigan boshqa mablag‘lar hisobidan shakllantiriladi.
Mahalla tizimining moliyaviy jihatdan mustaqilligi aholi ehtiyoji va talablaridan kelib chiqqan holda muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etish, mahallaning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishning istiqbolli rejalarini belgilashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunda tizimda olib borilayotgan islohotlar joylardagi muammolarni bevosita hal etadigan, aholining turmush farovonligini yuksaltirishga xizmat qiladigan mahalla institutining jamiyatdagi o‘rni, roli va nufuzini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
Hayotbek Akbarov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish
agentligi Andijon viloyat filiali rahbari o‘rinbosari.
O‘zA