Fotoreportaj
Qarshi shahridagi Alisher Navoiy nomidagi mahalla fuqarolar yig‘inida 4 ming 300 nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi. Hududda mahalla mas’ullari hamda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchisi tomonidan ma’lumotlar bazasini shakllantirish ishlari jadallik bilan olib borilayotir. Bu jarayonda mahalladagi ijtimoiy-iqtisodiy holatni “xonadonbay” o‘rganish, aholining bandlik darajasini, oilalarning daromad manbalarini, tomorqa yerlaridan foydalanish holatini tahlil qilishga asosiy e’tibor qaratilmoqda.
– Hozirda mahalladagi xonadonlarni so‘rovnoma asosida xatlovdan o‘tkazish jarayoni davom etmoqda, - deydi tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchisi Komil Tojiyev. – O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, mahalladagi muvaffaqiyatga erishgan tadbirkorlar va aktiv aholi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, faollar bilan maslahatlashuv natijalaridan kelib chiqib, ixtisoslashuvini, ya’ni “o‘sish nuqtasi” aniqlab olish, mavjud tadbirkorlik sub’ektlarida yuzaga kelgan muammolarni aniqlash va bartaraf etish kabi vazifalarni oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz.
Shuningdek, ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, psixologik qo‘llab-quvvatlashga, bilim va kasb o‘rganishga ehtiyoji va ishtiyoqi bo‘lgan, ishsiz xotin-qizlarning muammolarini aniqlash, bartaraf etish va nazoratini olib borish ustuvor vazifa etib belgilangan.
– 2021 yilda mahallamizdagi “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarning muammolarini hal etish, ularda motivatsiya uyg‘otib, kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirish, bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka jalb etish, psixologik, huquqiy, tibbiy va moliyaviy ko‘mak berish orqali ularni jamiyatda to‘laqonli o‘rin topishiga ko‘maklashish bo‘yicha tizimli ishlar bajarildi, - deydi oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-ma’naviy masalalar bo‘yicha rais o‘rinbosari Gulzora Qorayeva. – Birinchi bosqichda 54, ikkinchi bosqichda 65 nafar xotin-qiz “Ayollar daftari”ga kiritilgan bo‘lib, ko‘rsatilgan moliyaviy va psixologik ko‘mak yordamida ular o‘zini o‘nglab ketdi. Yil davomida ayollarning 12 nafari mustaqil ravishda o‘zini o‘zi band qildi, 2 nafariga kredit ajratildi, 4 fuqaroga tikuv mashinasi va pech olib berildi.
[gallery-5526]
Jamshid NORQOBILOV (surat), O‘zA