Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahallaning ishbilarmon ayollari
14:54 / 2026-02-10

Buxoro shahrida “Mahallaning ishbilarmon ayoli” ko‘rik-tanlovi doirasida xotin-qizlarning tadbirkorlik faoliyatini o‘rganish, ularni qo‘llab-quvvatlash hamda ilg‘or tajribalarni ommalashtirishga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda.

O‘zLiDeP tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan mazkur loyiha xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish, mahallalarda barqaror daromad manbalarini yaratish hamda oilalar farovonligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Loyiha doirasida Buxoro shahridagi mahalla fuqarolar yig‘inlarida ham amaliy ishlar izchil tashkil etilmoqda. Shaharning “Ko‘kaldosh” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Niginabonu Safoyeva ana shunday faol va tashabbuskor tadbirkor ayollardan biridir. U 2024 yilda tijorat banki tomonidan ajratilgan 96 million so‘mlik imtiyozli kredit asosida kichik konditerlik sexini tashkil etib, o‘z biznes faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Dastlab oila a’zolari bilan ish boshlagan N.Safoyeva bugungi kunda faoliyat ko‘lamini kengaytirib, 5 nafar xotin-qizning doimiy bandligini ta’minlagan.

Ayni paytda tadbirkor ayol rahbarligidagi kichik sexda ish qizg‘in. Korxonada tabiiy masalliqlardan, sanitariya-gigiyena va sifat talablariga qat’iy rioya qilingan holda tayyorlanadigan 12 turdagi turli xil pishiriqlar, milliy shirinliklar xaridorgir. Shuningdek, to‘y va marosimlar uchun maxsus buyurtmalar ham qabul qilinib, aholiga xizmat ko‘rsatilmoqda.

Mahallada yana bir tashabbuskor tadbirkor  Dilbar Yahyoyeva ham o‘z mehnati va izlanishi bilan ibratli faoliyat olib bormoqda. Yoshlikdan chevarlikka bo‘lgan qiziqishi uni mazkur hunarni mukammal egallashga undadi. U kasbiy ko‘nikmalar markazida tahsil olib, tikuvchilik mahoratini yanada oshirdi. Bugungi kunda D.Yahyoyeva mustaqil biznes faoliyatini yo‘lga qo‘yib, 5 nafardan ortiq shogirdlari bilan “usto–shogird” an’analari asosida samarali ish olib bormoqda.

–Hunar insonga faqat daromad emas, balki ishonch va mustaqillik ham beradi. Har bir qiz o‘z imkoniyatiga ishonsa, albatta, natija bo‘ladi, – deydi chevar tadbirkor Dilbar Yahyoyeva.

Mahallada tashkil etilgan tikuv sexida xotin-qizlar uchun turli bichimdagi ko‘ylaklar, milliy ayollar kiyimlari, shuningdek, so‘zani, ko‘rpa-to‘shaklar, yostiqlar tayyorlanib, buyurtmachilarga yetkazib berilmoqda. Bu esa mahallada ayollar bandligini ta’minlash, ularning kasbiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Mahallada istiqomat qiluvchi Zulfiya Safoyeva ham tikuvchilik sohasida faoliyat yuritib, oilaviy daromadini oshirib borayotgan tadbirkor ayollardan biridir. Uning biznes faoliyatini kengaytirish maqsadida mahalla fuqarolar yig‘ini faollari ko‘magida tijorat bankidan 33 million so‘mlik imtiyozli kredit ajratilib, ushbu mablag‘lar hisobiga 4 ta zamonaviy tikuv mashinasi xarid qilindi. Bugungi kunda hunarmand ayol 5 nafar xotin-qizni doimiy ish bilan ta’minlagan, shuningdek, 100 nafardan ortiq shogirdlarni tayyorlab, ularga hunar o‘rgatib kelmoqda.

Tadbirlar davomida mamlakatimizda ayollarning ishbilarmonlik faolligini rag‘batlantirish, ularning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish, biznes imkoniyatlarini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga alohida e’tibor qaratildi. Faol tadbirkor ayollarning mehnati munosib baholanib, ular “Mahallaning ishbilarmon ayoli” ko‘rik-tanlovining keyingi bosqichlarida ishtirok etish uchun tavsiya etildi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri