Xotin-qizlarning tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning biznes tashabbuslarini rag‘batlantirish va jamiyatdagi iqtisodiy faolligini oshirish maqsadida O‘zLiDeP tomonidan “Mahallaning ishbilarmon ayoli” loyihasi doirasidagi tanlovining joriy yilgi mavsumiga rasman start berildi.
Jumladan, O‘zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ayollar qanoti va Nukus shahar Kengashi hamkorligida Nukus shahridagi “Nao‘qan bag‘” mahalla fuqarolar yig‘inida tanlov bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida mahallada faoliyat yuritayotgan ishbilarmon xotin-qizlar o‘zlarining amalga oshirgan biznes loyihalari, qo‘l mehnati va ishlab chiqarishga qaratilgan tashabbuslari bilan ishtirok etishdi.

Ishtirokchilar hakamlar hay’atiga o‘z faoliyati, erishgan natijalari, mahsulot sifati va hajmi, shuningdek, kelgusidagi reja va maqsadlari haqida atroflicha ma’lumot berdilar. Hakamlar tomonidan ishtirokchilarning tashabbuskorligi, innovatsion yondashuvi va mahalliy bozorda talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishayotgani alohida e’tirof etildi.

Tanlov yakunlariga ko‘ra, Mehriban Utemuratova tanlov g‘olibasi deb topildi. U 2023 yildan buyon yarim tayyor oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanib kelmoqda. Ayni kunda 11 turdagi yarim tayyor mahsulotlarni tayyorlab, mahalliy oziq-ovqat do‘konlariga yetkazib bermoqda. Mehriban Utemuratovaning faoliyati mahallada yangi ish o‘rinlari yaratish, aholini sifatli va xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashga xizmat qilyapti.
Shuningdek, tanlovda hunarmand Aygul Qoyshibayeva qo‘l mehnati asosida turli savat mahsulotlari bilan, Roza Nurishova milliy liboslar tikish yo‘nalishidagi mehnatlari bilan, Gulzoda Yesimbetova esa pillachilik sohasidagi samarali mehnati bilan ishtirok etdi. Ularning har biri o‘z yo‘nalishida mahalliy hunarmandchilikni saqlash va rivojlantirishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Hakamlar tomonidan ishtirokchilarning faolligi, innovatsion yondashuvi va mahalliy bozorda talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarayotgani alohida e’tirof etildi.

Tadbir davomida ishtirokchilarning biznes g‘oyalari, ijodiy yondashuvi hamda mahallada tadbirkorlik muhitini yaxshilashga qaratilgan faoliyati yuqori baholandi.
Dovud Abibullayev, O‘zA