English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahallaning “faol” modeli qanday bo‘lishi kerak?
10:24 / 2022-02-17

2022 yil - Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili

2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi o‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida faol fuqarolik jamiyatini rivojlantirish hamda fuqarolar o‘rtasida qonunga hurmat va itoat qilish hissini shakllantirish asosiy maqsadlardan biri sifatida e’tirof etilgan.  

Qolaversa, joriy yil mamlakatimizda Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili, deb e’lon qilingan.  

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, inson qadrini ulug‘lash — yurtimizda yashayotgan har bir odamning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta’minlash demakdir. Bu borada jamiyatimiz asosi bo‘lgan mahalla hal qiluvchi o‘rin tutadi.  

Prezidentimiz bundan buyon har bir mahallada samarali ish olib borish faoliyatning bosh mezoniga aylanishini ham ta’kidladi. 
Toshkent davlat yuridik universiteti jamoasi aynan shu maqsadlarni amalga oshirish uchun mahallalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi.  

Universitetning “Ma’muriy va moliya huquqi kafedrasi” Yunusobod tumanida joylashgan “Husniobod” mahalla fuqarolar yig‘iniga biriktirilib, mahalla bilan hamkorlikda samarali ishlarni amalga oshirmoqda.

Mazkur mahallada “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining qabul qilinishi - mahalla instituti rivojlanishining kafolati” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Unda mahalla fuqarolar yig‘ini faollari va Yunusobod tumani hokimligi vakillari ishtirok etdi.

Kafedra mudiri Sardor Yusupov fuqarolarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va kambag‘allikni qisqartirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilab olinganini ta’kidladi. Aholini yangi ish o‘rinlari va kafolatli daromad manbai, malakali tibbiy va ta’lim xizmatlari, munosib yashash sharoitlari bilan ta’minlash sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish asosiy maqsad sifatida belgilab olindi.  

Prezidentimizning 2022 yil 28 yanvardagi “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoniga asosan mahallaning “faol” modelini joriy etish bo‘yicha olib boriladigan ishlar haqida tushuncha berildi.  

Aholi muammolarini bevosita hal qilish hamda hududni rivojlantirish uchun zarur resurs va imkoniyatlar bilan ta’minlash, iqtisodiyotni rivojlantirish va aholini ish bilan ta’minlash uchun tuman hokimi yordamchilari hamda yoshlar yetakchilari faoliyati samarali yo‘lga qo‘yilgani qayd etildi.

Mahalladan turib barcha davlat organlariga murojaat qilish va ularning rahbarlari bilan muloqot qilish tizimi yaratilgani, mahallalarga mustaqil moliyaviy imkoniyatlar berilayotganligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shu bilan birga, mahallalarning «o‘sish nuqtalari» va asosiy yo‘nalish drayverlari belgilanib, ularda yashovchi aholining tadbirkorlik faoliyatidagi ixtisoslashuvidan kelib chiqib belgilab olish hamda mahallada barchani ish bilan ta’minlash asosiy ustuvor vazifa etib belgilanganligi qayd etildi.

Shuningdek, mahallada yashovchi kam ta’minlangan ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamni qo‘llab-quvvatlash, yordamga muhtoj ayollar, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar bo‘yicha alohida ma’lumotlar bazasini yaratilib, «Temir daftar», «Yoshlar daftari» va «Ayollar daftari»ni «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» bilan integratsiya qilinayotgani haqidagi ma’lumotlar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.  

Davlatimiz rahbari tomonidan hududda istiqomat qiluvchi aholining faolligini oshirish maqsadida mutlaqo yangi bo‘lgan mahalla raisiga nisbatan ishonchsizlik bildirish instituti joriy etilayotganligi haqida ham ma’lumot berildi.

Uchrashuv yakunida mahalla fuqarolar yig‘iniga “Taraqqiyot strategiyasi”ni aks ettiruvchi QR-kodli flayer va tarqatma materiallar taqdim etildi.  

A.Jo‘rayev,  
TDYUU ma’muriy va moliya  
huquqi kafedrasi o‘qituvchisi. 

O‘zA