Nurota tumanidagi Alisher Navoiy MFYda xalq deputatlari Navoiy viloyat hamda Nurota tuman kengashi deputati S.Zokirovning 100 nafar saylovchilari bilan o‘tkazgan sayyor qabulida hudud aholisini qiynayotgan masalalar chuqur tahlil etildi.
Sayyor qabul deputatning o‘tgan bir yil davomida amalga oshirgan ishlari to‘g‘risidagi hisoboti bilan boshlandi. U o‘z so‘zida aholini tadbirkorlikka keng jalb qilishda «Har bir oila-tadbirkor», «Yoshlar kelajagimiz» Davlat dasturlari mazmun-mohiyati hamda yangi qabul qilingan farmon va qarorlar, aholiga yaratilgan imkoniyatlar asosida tumanda tashkil etilayotgan yangi ish o‘rinlari to‘g‘risida yig‘ilganlarni tanishtirib o‘tdi va bu boradagi takliflari bilan o‘rtoqlashdi. Bu haqda OʻzLiDeP Navoiy viloyati matbuot xizmati xabar berdi.
Yig‘ilish davomida ishsizlik, kreditlar, bolalar puli, loyihalarni dasturga kiritish kabi masalalar yuzasidan bir qator savollar berildi.
Jumladan, shu mahallada yashovchi M .Fayziyeva tomonidan ko‘tarilgan farzandlari uchun ishsizlik masalasiga tuman bandlik boshqarmasi xodimi tomonidan shu yerning o‘zida yechim topilgan bo‘lsa, mahallaning Sodiqjon Siddiqov ko‘chasi, 40-uyda yashovchi O. Axatovaning bugungi kunda 2 yoshgacha bola puli kimlarga berilishi va buni qonuniy asoslab berishni so‘rab qilgan murojaati byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi tuman bo‘limi xodimining tushuntirishi bilan qanoatlantirildi.
Shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkor D.Saidovaning katta miqdordagi imtiyozli kredit olishiga to‘siq bo‘lib turgan omillar o‘rganilib, deputatlar hamda mutasaddi tashkilot vakillari tomonidan ma’lum sabablar bilan tuman dasturidan chiqarilgan o‘rinlar uchun harakat qilishi kerakligi yuzasidan yo‘l-yo‘riq ko‘rsatildi.
Shu jarayonda Xalq bankining tuman filiali mutaxassisi «Temir daftar»ga kirgan xotin-qizlar uchun 33 milliongacha imtiyozli kreditlar ajratilishi, tuman bo‘yicha esa 346 ayol daftarga kiritilgan bo‘lib, agarda avvaldan krediti bo‘lgan taqdirda ushbu imtiyozdan foydalana olmasligi to‘g‘risida ma’lumot berib o‘tdi.
Mahallaning ishbilarmon va faol ayoli M.Shaharova ham so‘z olib, 20 yildan buyon hunarmandchilikning kashtachilik yo‘nalishida faoliyat olib borayotgani, bo‘sh turgan eski mahalla binosini ta’mirlab, tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish va tumandagi 91 nafar ishsiz ayolning bir qismiga ish o‘rni yaratish maqsadi borligini bildirdi.
M.Shaharovaning bu murojaati bino auksionda boshqa tadbirkor tomonidan sotib olingani, endi qachonki, tadbirkor bir yil davomida binodan foydalana olmasa-yu, qayta auksionga tushiriladigan bo‘lsagina bu murojaat ko‘rilishi aytildi.
Sayyor qabul nihoyasida Nurota kasb-hunar kolleji talabasi B.Sattorovaning ish so‘rab qilgan murojaati ham hal etildi. Talabani Deputat S.Zokirov o‘zi tashkil qilgan xususiy MTMga suhbat asosida ishga olishni bo‘yniga oldi.
O‘zA