Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahallaning asosiy drayveri – anorchilik
18:20 / 2024-10-09

Navoiy viloyatining Navbahor tumanidagi “Armijon” mahalla fuqarolar yig‘inida 402 ta xonadon mavjud bo‘lib, ularda 1775 nafar aholi istiqomat qiladi. Mahalla azaldan anorchilikka ixtisoslashgan hudud sifatida nom qozongan.

Bugun mahalladagi qariyb 380 xonadonda kamida 50 tupdan anor bor. Ko‘pchilik uyida issiqxona tashkil etgan, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Oilalarda tomorqa madaniyati yaxshi rivojlangan. Asosiy daromad esa anorchilikdan. Mahallada anorchilar sulolasi ko‘pchilikni tashkil etadi. 

– Mahallamizning asosiy drayveri anorchilik, – deydi mahalladagi hokim yordamchisi Ulug‘bek Hamidov. – Har bir xonadondan o‘rtacha 2-3 tonna atrofida anor yetishtiriladi. Mahallamizda ishsizlik yo‘q, desa ham bo‘ladi. Chunki qariyb barcha xonadonda anor yetishtirilib, har bir xonadon sohibi o‘z daromadiga ega. Mahallada yetishtirilgan anorni asosan Qashqadaryo viloyati tadbirkorlari olib ketadi. Shuningdek, mahalliy bozorga ham olib chiqiladi. 

Shu mahallada istiqomat qiluvchi Ilhom aka Sharipov va Nasiba opa Ergasheva tomorqasining 10 sotixida anor yetishtiradi. Bundan 35 yil avval Nasiba opa Dul-dul mahallasidan Armijonga kelin bo‘lib tushgan. Shundan beri turmush o‘rtog‘i bilan birgalikda anor yetishtirib keladi. 

– Turmush o‘rtog‘im haydovchi bo‘lib ishlagan, hozirda pensiyada, – deydi opa biz bilan suhbatda. – Ikki nafar o‘g‘limiz bor. Anorchilikning orqasidan ro‘zg‘orimiz but, dasturxonimiz to‘kin, nolimaymiz. Har yili 5 tonna atrofida hosil olamiz. To‘ylar qilyapmiz. Uylar quryapmiz. 

Yana bir anorchilikning orqasidan uylar qurib, mashina minayotgan oila vakillaridan biri 70 yoshli otaxon Rustam Ashurov. Ayni paytda otaxon 13 sotix maydonda 200 tupdan ziyod anor daraxtini parvarishlamoqda. Otaxon anor sotib “Damas” avtomashinasi olganlardan biri. 

– Ayni paytda tomorqamizda 3 yildan 15 yillikkacha bo‘lgan anorlar mavjud, – deydi R.Ashurov. – Ularning har biri alohida parvarish talab etadi. Yuqori hosildorlikka osonlikcha erishib bo‘lmaydi. Kuzda tagini yumshatish, mahalliy o‘g‘it bilan ishlov berish, vaqtida sug‘orish, turli zararkunandalarga qarshi dorilash hosildorlik garovi hisoblanadi. 4 ta farzandim – 3 o‘g‘il, 1 qizim, 10 ta nevaram bor. Anorchilik sirlarini o‘g‘illarimga ham o‘rgatganman. 

Rustam bobo anor mevasi yetishtirishdan tashqari, nihollar parvarishlashni ham yo‘lga qo‘ygan. Hozirda tomorqasining bo‘sh qismida 1,5 mingta anor ko‘chati ham sotishga tayyor holatga kelib qolgan. 

– Anor juda nozik o‘simlik, shu bois joy tanlaydi, – deydi otaxon. – Uni o‘z vaqtida ko‘mish va erta bahorda ochish muhim. Anor 6 yoshga to‘lgach, shoxlari butalib, kamaytiriladi. Bu esa o‘z-o‘zidan hosilni ko‘paytirish va sifatli mahsulot olishga imkon beradi. 

Ayni paytda anorchilar yetishtirilgan hosilni yig‘ishtirib olish ilinjida mehnat qilmoqda. 

A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbiri