Sirdaryo viloyatida "Besh tashabbus olimpiadasi" sport musobaqalarini rivojlantirish va mahallalarda sport infratuzilmasini kengaytirish maqsadida muhim tadbir o‘tkazildi. Tadbir doirasida viloyatdagi 221 ta mahallaga sport anjomlari topshirildi.
Joriy yilda Sirdaryo yoshlari olimpiadada yuqori natijalar qayd etishdi. Mutasaddilar yangi mavsumda ham mahallalardan iqtidorli sportchilarni kashf etish va ularni rivojlantirishda faol ishlar olib borilishini ta’kidlashdi.

Tadbirda Sport vazirligi tomonidan yetkazilgan 1700 dan ortiq sport anjomlari — futbol, voleybol, basketbol va gandbol to‘plari — sport maktablari mas’ullari va mahalla yetakchilariga topshirildi. Bu anjomlar mahallada yoshlarni sportga jalb etish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga xizmat qiladi.

Viloyat rahbarlari va sport mutasaddilari shu bilan birga mahallalarda sport tadbirlari samaradorligini oshirish va iqtidorli sportchilarni kashf qilish masalalarini muhokama qilishdi.
Eng muhimi, "Besh tashabbus olimpiadasi" mahallalarda yoshlar uchun yangi imkoniyatlar ochib, ularning salohiyatini namoyon etishda katta imkoniyatga aylanmoqda.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri