Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahallalarga Prezident sovg‘asi topshirildi
17:55 / 2025-02-03

Mahalla yoshlarining ommaviy sport bilan shug‘ullanishlari va “Besh tashabbus olimpiadasi" doirasida o‘tkaziladigan musobaqalada faol qatnashishlari uchun Samarqand viloyatdagi 1126 ta mahallaga to‘rt turdagi sakkiz mingga yaqin sport jihozlari topshirildi.

– Bugungi kunda “Besh tashabbus olimpiadasi" tufayli viloyatimiz mahallalarida sport bilan shug‘ullanuvchi yoshlar safi kengayib bormoqda, – dedi sport jihozlarini topshirish marosimida Samarqand viloyati sport boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Ro‘ziyev. – Buning natijasida viloyatimiz havaskor sportchilari 27 yo‘nalish bo‘yicha o‘tkazilgan tanlov va musobaqalarda respublikada kuchli o‘nlikda bormoqda. Avvalgi yillarda olimpiadaning bir necha yo‘nalishlarida samarqandlik yoshlar respublikada birinchi bo‘ldi, jamoaviy bahslarda ham vakillarimiz faol qatnashmoqda. Jumladan, 2014 yilda 14-30 yosh toifasida o‘tkazilgan musobaqa va tanlovlarda vakillarimiz 11 ta oltin, 10 ta kumush, 9 ta bronza medali bilan respublikada yettinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan. Chempion jamoalar tufayli ularning mahallarida sport maydonchalari qurib berilmoqda. Mazkur sport jihozlari – Prezident sovg‘asi ham yoshlarimizning sport bilan shug‘ullanishlari uchun imkoniyatlarni kengaytirishga xizmat qiladi.

[gallery-21575]

Sport jihozlari mahallalardagi yoshlar yetakchilariga topshirildi va bu vositalardan samarali foydalanish lozimligi uqtirildi. 

– Ushbu sport anjomlari yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, iqtidorli yoshlarni kashf qilish va ular orasida chempionlar yetishib chiqishiga xizmat qiladi, – deydi Bulung‘ur tumanidagi G‘o‘bdin mahallasi yoshlar yetakchisi Nodir Muxtorov. – Shu bilan birga, yoshlarni sog‘lom turmush tarziga o‘rgatish va joriy yilgi “Besh tashabbus olimpiadasi" musobaqalarida faol ishtirok etishga undaydi.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari