Mahallalarga mebel va kompyuter jamlanmalari berildi
“Mahalla” xayriya jamoat fondi Buxoro viloyati Shofirkon tumani bo‘linmasi mablag‘lari hisobidan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini mebel, texnika, jihozlari va boshqa uskunalar bilan ta’minlashga ko‘maklashish maqsadida tumandagi 3 ta fuqarolar yig‘iniga 11 million 731 ming so‘mlik 3 ta zamonaviy kompyuter jamlanmasi va printerlar, shuningdek, 9 million 800 ming so‘mlik mebel jihozlari olib berildi.
– Ish faoliyatimizni samarali tashkil etish uchun mebel hamda moddiy texnika jihozlari olib berildi, – deydi Shofirkon tuman “Guliston” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Avaz Panoyev. – Endilikda mahallamizda fuqarolarimiz bilan ishlash uchun barcha qulaylik yaratildi. Bundan juda xursandmiz.

Shuningdek, kam ta’minlangan, yakka yolg‘iz boquvchisini yo‘qotgan oilalarga ijtimoiy ahvolidan kelib chiqib, moddiy yordam olishlari uchun sertifikatlar ham topshirildi. Tumanning Qalmaqon mahallasida yashovchi 2-guruh nogironligi bo‘lgan Gulbegim aya Safoyeva holidan xabar olindi. Unga nogironlik aravachasi topshirildi.
Zarif Komilov, O‘zA