English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahallalardan chegara postigacha – profilaktik tadbirlar
15:24 / 2025-11-28

Qaror va ijro

Shu kunlarda “Xavfsiz va sog‘lom yurt” tezkor-profilaktika oyligi bo‘yicha Toshkent viloyatida huquqbuzarliklar profilaktikasini kuchaytirish, jinoyatchilikning oldini olish va aholi xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan tizimli ishlar olib borilmoqda.

 Prezidentimizning 2017 yil 14 martdagi “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar asosida har hafta o‘tkazilayotgan mazkur amaliy tadbirlar joylarda o‘z natijasini bermoqda. 

Jarayonda viloyat IIBB va uning quyi tizimlari tomonidan bir nechta yo‘nalishlarda izchil ishlar olib borildi. Probatsiya nazoratidagi shaxslar bilan uchrashuvlarda ularga qonunbuzarlikning oqibatlari, belgilangan tartib-qoidalarga rioya etish hamda jamiyat tomonidan berilayotgan imkoniyatni to‘g‘ri baholash bo‘yicha tushuntirishlar berildi. Mehnatga jalb etilish, ijtimoiy moslashuv va hayotda faol bo‘lishga oid tavsiyalar ham yetkazildi.

Shuningdek, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyat sodir etgan, probatsiya ro‘yxatida turgan shaxslar bilan yakka tartibdagi suhbatlar o‘tkazilib, ularga qayta jinoyat sodir etmaslik bo‘yicha rasmiy ogohlantirildi va huquqiy savollarga javob berildi. Mahallalar miqyosida oila va ijtimoiy muammolarga alohida e’tibor qaratilib, ajrim yoqasidagi oilalar, himoya orderi asosida kuzatuvdagi shaxslar hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar bilan o‘tkazilgan suhbatlarda oilaviy totuvlikni mustahkamlash va nizolarni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.

Profilaktika kuni davomida jinoyatchilikka moyil shaxslar bilan, shuningdek, chegara posti hududida ham tushuntirish ishlari olib borildi. Mas’ul xodimlar tomonidan jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarlik oqibatlari va yoshlar o‘rtasida huquqiy ongni oshirishga qaratilgan muloqotlar tashkil etildi. Bundan tashqari, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashga doir infratuzilma tadbirlari davom ettirilib, piyodalar harakati tig‘iz bo‘lgan hududlarda yangi yo‘laklar chizildi va zamonaviy yo‘l belgilari o‘rnatildi. 

Mazkur tashabbuslar jinoyatchilikning oldini olish, jamoat xavfsizligini mustahkamlash, fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirish va viloyatdagi ijtimoiy barqarorlikni ta’minlaydi. Muntazam olib borilayotgan profilaktika ishlari esa huquqbuzarliklarni kamaytirishda muhim omildir.

A. Musayev, O‘zA.