Toshkent shahridagi “Zakovat arena” binosida “Besh tashabbus” olimpiadasi doirasida Mahallalardagi yoshlar o‘rtasida “Zakovat” turnirining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Musobaqa Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, “Zakovat intellektual klubi” NNT hamda Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida tashkil etildi.
Turnir besh bosqichda, jumladan, mahalla, sektor, tuman (shahar), hududiy va respublika bosqichida bo‘lib o‘tdi.
Musobaqaning oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan tumanlar va shahar bosqichida 1 ming 182 ta mahalla jamoasi va 8 ming 274 nafar mahalla yoshlari, 13 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan hududiy bosqichida 194 ta jamoa hamda 1 ming 358 nafar mahalla yoshlari ishtirok etdi.
Hududiy bosqich o‘yinlari natijasida har bir hududdan uchtadan eng kuchli jamoalar respublika bosqichi uchun saralab olindi hamda eng kuchli 42 ta jamoa, xususan, 294 nafar mahalla yoshlari Toshkent shahrida g‘oliblik uchun bellashdi.
Shunga ko‘ra, respublika bosqichida quyidagi jamoalar g‘olib bo‘ldi. Xususan, 1-o‘rin Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumanidagi “Guliston” MFY jamoasiga, 2-o‘rin Qashqadaryo viloyatining Koson tumanidagi “Paxtazor” jamoasiga va 3-o‘rin Toshkent shahrining Olmazor tumanidgi “Beruniy” MFY jamoasiga berildi.
Mazkur jamoalar tashkilotchilar tomonidan diplom va pul mukofotlari bilan taqdirlandi. Jumladan, 1-o‘rin uchun 100 million so‘m, 2-o‘rin uchun 60 million so‘m, 3-o‘rin uchun esa 40 million so‘m berildi.
Gulnoza Boboyeva,O‘zA