French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahallalardagi saylovlar yuqori saviyada o‘tdi
15:33 / 2025-06-19

Yurtimiz mahallalaridagi saylov jarayonlari qanday o‘tdi?

AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda O‘zbekiston mahallalari uyushmasi axborot xizmati rahbari Jobir Asqarov quyidagilarni so‘zlab berdi:    

–   Mamlakatimizda so‘nggi yillarda mahalla institutining jamiyat hayotidagi rolini mustahkamlash, tizimni bosqichma-bosqich rivojlantirish, uning moliyaviy imkoniyatlarini yanada kengaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.  

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va sa’y-harakati bilan mahalla tizimining aniq tuzilmasi belgilab berildi. Mahallaga qo‘shimcha kuch va imkoniyatlar taqdim etilyapti, vakolat ham, mas’uliyat ham quyi tizimga tushirilmoqda.  

Natijada mahalla har bir oila, har bir inson muammosi, dardu tashvishiga chuqur kirib bora oladigan xalqchil tuzilma sifatida yanada faollashdi, jamiyatimizda kechayotgan islohotlarning hal qiluvchi bo‘g‘iniga aylandi.    

“Yettilik” tizimi ishga tushgach, mahallalardagi barcha masalalar uyma-uy yurib, har bir xonadon, har bir oila hayotini o‘rgangan holda hal etilishiga imkon yaratildi. Shu maqsadda aholi kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi muammolarni bartaraf etish bo‘yicha “Yo‘l xarita”lari, mahallalar “Ombor kitobi” ishlab chiqildi. Bandlik dasturi tayyorlanib, “Mahalla byudjeti” tizimi yo‘lga qo‘yildi.    

Yana bir muhim jihat — jamiyatimizda mahalla raislarining mavqei oshirildi, ularga “yettilik” a’zolari faoliyatini muvofiqlashtirib borish mas’uliyati yuklatildi. Bundan ko‘rinadiki, mahalla raisi har bir xodimning xizmat faoliyatini chuqur tushunishi, barcha sohada olib borilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini teran anglashi zarur.    

Sodda qilib aytganda, mahalla raisi “yettilik” a’zolaridan bir pog‘ona ustun bo‘lishi uchun har birining vazifasini bilishi, ularni ustuvor maqsadlar sari yo‘naltira olishi lozim.    

Ma’lumki,  joriy yilning 1 may sanasidan mamlakatimizda mahalla raislari saylovi boshlangan edi. O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolar yig‘ini raisi saylovi to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq, may-iyun oylarida respublika bo‘ylab barcha mahallalarda saylovlar yakunlandi.  

Joriy yilgi saylovlar yangicha tartiblar, demokratik tamoyillar, shaffoflik va ochiqlik ruhida, ko‘tarinki kayfiyatda tashkil etildi.    

Saylov kampaniyasi davrida quyidagi tashkiliy chora-tadbirlar amalga oshirildi. Xususan,  14 ta hududiy, 208 ta tuman (shahar) ko‘maklashuvchi komissiyalar hamda 8 852 ta ishchi guruhlari tuzilib, ularning tarkibiga 89 578 nafar idora va tashkilotlar rahbarlari, deputatlar va mahalla faollari jalb qilindi.  

Saylovni o‘tkazish tartibi bo‘yicha “Qonun hujjatlari to‘plami”, “Uslubiy tavsiyalar”, “100 savolga 100 javob” va infografikalar, yo‘riqnomalar ishlab chiqilib, 89 ming nafar komissiyalar va ishchi guruhlari a’zolariga yetkazildi.  

10 martdan 27 aprelga qadar 2-bosqichda ko‘maklashuvchi komissiyalar va ishchi guruhi a’zolarining bilim-malakalarini oshirish bo‘yicha o‘quv-seminarlar o‘tkazildi.  

Saylov yoshiga to‘lgan 21,5 million nafarga yaqin fuqarolar orasidan saylovda ishtirok etadigan tashkilotchilik qobiliyatiga, hayotiy tajribaga ega va mahalla hayotiga befarq bo‘lmagan 2,6 million (12 foiz) nafardan ziyod vakillar saylab olindi.  

Aholining saylov jarayonlari bo‘yicha faolligini oshirishga doir 133 mingtadan ortiq plakatlar hamda bannerlar chop etilib, har bir mahalla binosi, ko‘chalar, savdo shoxobchalari, guzarlar, bekatlar hamda ko‘p qavatli uylarning kirish yo‘laklariga osib qo‘yildi.  

Shuningdek, markaziy ko‘chalardagi 2 mingtadan ortiq bilbord va led ekranlarga joylashtirildi.  

Amalga oshirilgan ishlar natijasida ko‘maklashuvchi komissiyalar tomonidan tasdiqlangan jadvalga asosan, joriy yil 1 maydan 17 iyunga qadar saylov jarayonlari respublikaning 208 ta tuman va shahridagi 8  ming 852 ta mahallada o‘tkazildi.  

Saylovlarda 2 million 173 ming 634 nafar fuqarolar vakillari ishtirok etdi. O‘tkazilgan saylovlarning 83,7 foizi ta’lim muassasalari, 4,4 foizi madaniyat markazlari, 5,2 foizi mahalla guzarlari va  6,7 foizi boshqa joylarda o‘tkazilib, ularga barcha kerakli jihozlar ajratildi.  

May-iyun oylarida bo‘lib o‘tgan saylovlarda qatnashgan 26 ming 334 nafar nomzod davlatimiz rahbari tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlardan kelib chiqib, kelgusi 5 yil davomida mahallani rivojlantirish bo‘yicha ustuvor dasturlarini aholiga taqdimot qildi.  

Mazkur saylovlarda ularning 8 852 nafari mahalla raisi etib saylandi. Jumladan, 3 ming 962 ta mahallaga yangi raislar saylandi, saylangan raislarning 1 ming 196 nafari ayollar, 306 nafari tuman (shahar) Kengashlari deputatlaridan iborat. Saylangan raislarning o‘rtacha yoshi – 51 yoshni tashkil etdi.  

Mutaxassisligiga ko‘ra, saylangan raislarning 2  ming 419 nafari (27,3 foiz) o‘qituvchi, 1 ming 705 nafari (19,3 foiz) iqtisodchi, 1 ming 212 nafari (13,7 foiz) muhandis, 57 nafari (1 foiz) shifokor, 354 nafari (4 huquqshunos) huquqshunos, 420 nafari (5 foiz) agronom, 2 ming  685 nafari (30,3 foiz) boshqa mutaxassislik egalarini tashkil etadi.  

Saylov jarayonlari davrida qonun buzilish yoki boshqa holatlar yuzasidan 1276 qisqa raqamli "Call-markazi" 24/7 tartibda o‘z faoliyatini olib bordi.  

Shu kungacha "Call-markazi"ga fuqarolardan kelib tushgan  161 ta murojaat tegishli tartibda hududiy komissiyalarga yo‘naltirildi.  

Saylov jarayonlari ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borilmoqda.  

Shu paytga qadar post, maqola, reportaj, videorolik va boshqa ko‘rinishlarda 5 mingga yaqin materiallar e’lon qilindi.    

N.Usmonova,

O‘zA muxbiri