Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori Sh. Aminov Nukus shahridagi kriminogen vaziyati murakkab bo‘lgan, “qizil” toifaga kiritilgan “Jeke terek” hamda “Jana bazar” mahalla fuqarolar yig‘inlarida bo‘lib, mahalla yettiligi faoliyati va hududda jinoyatchilikka qarshi kurashishning samaradorligini o‘rgandi.
O‘rganish jarayonida davlatimiz rahbarining 2025 yil 18 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga mahallalarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish tizimi natijadorligini yanada oshirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” gi qarori bilan tasdiqlangan “Kriminogen vaziyati murakkab mahallalarda jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha manzilli choralar” Konsepsiyasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida maxsus tadbir tashkil etildi va unda amalga oshirilayotgan ishlar ko‘rib chiqildi.

Jumladan, mahallada xavfsiz muhitni yaratish, yoshlar, ayollar va ishsizlar tomonidan, shuningdek, oila-turmush munosabatlari doirasida sodir etiladigan jinoyatlarning oldini olish borasida “mahalla yettiligi” tomonidan qilinayotgan ishlar, probatsiya va profilaktika hisobiga olingan shaxslar bilan olib borilayotgan profilaktik tadbirlar, “namunaviy xavfsiz ko‘cha” va “namunaviy xavfsiz yo‘lak” larning to‘g‘ri yondoshuvlar asosida tashkil etilishi muhokama qilindi.
Mas’ullarga va mahalla yettiligiga tashkiliy-profilaktik tadbirlarni hududning kriminogen vaziyatidan kelib chiqib tashkil etish orqali xavfsiz muhitni yaratish, ovloq va kechki vaqtlarda aholi ko‘p yig‘iladigan jamoat joylarini kuzatuv kameralari bilan to‘liq qamrab olish borasida topshiriqlar berildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri