Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahallalardagi ishsiz yoshlar nazoratga olingan
11:53 / 2023-11-12

Qaror va ijro

Mahallalarda yoshlar yetakchilari faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi tufayli yoshlar muammolarini hal qilish, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, huquqbuzarlik sodir etishga moyilligi bo‘lgan yoshlar bilan tizimli ishlash, ularning bandligini ta’minlash muhim ahamiyat kasb etyapti.  

Prezidentimizning 2022 yil 19 yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori esa bunda asosiy dasturilamal vazifasini o‘tayapti.  

Hozir Toshkent viloyatidagi 1 ming 25 ta mahallada yoshlar yetakchilari ish olib boryapti. Ular tomonidan muntazam tashkil etilayotgan xatlov natijasida yoshlarning turli taklif va muammolari aniqlanyati, ular tegishli tartibda bartaraf etilmoqda. Ayniqsa, yil davomida amalga oshirilayotgan turli loyiha va dasturlar yoshlarni birlashtirib, ijobiy natijalarga erishilmoqda.  

Mahalladagi Yoshlar yetakchilari KPI reyting-baholash natijalari belgilangan yo‘nalishlarda, jumladan, “Yoshlar balansi”ni shakllantirish, “Yoshlar daftari” va “Yoshlar portali” elektron platformalarini raqamlashtirish, Yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish borasidagi samaradorlik darajalari muntazam aniqlanyapti. Bu borada oxirgi paytlar Ohangaron, Nurafshon, Bekobod va Chirchiq shaharlari, Piskent, Toshkent, Ohangaron, Qibray, Bekobod va Bo‘stonliq tumanlarida natijalar yuqori bo‘lyapti.  

Muhammad Yusufboyev Quyi Chirchiq tumanining faol yoshlar yetakchilaridan. Jismoniy imkoniyati cheklangan bo‘lishiga qaramasdan hech qachon harakatdan to‘xtamaydi, birovdan yordam kutmaydi. Tinimsiz mehnati, samimiyati tufayli bugun u mahalla yoshlariga o‘rnak bo‘lyapti. Qahramonimiz O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz ikki yilligi munosabati bilan "Jasorat" medali bilan taqdirlandi.

– Hududimizda bu yil 40 nafar yigit-qizning bandligini ta’minlash bo‘yicha maxsus dastur ishlab chiqilgan edi, – deydi Madaniyat mahallaci yoshlar yetakchisi M.Yusufboyev. – Ularni qiziqishiga qarab hunarmandlarga "Ustoz-shogird" an’anasi asosida biriktirdik. Ular ham kasb sirlarini o‘rganadi va shunga yarasha oylik ham oladi. Qizlarimizni mahallamizdagi tekstil korxonasiga ishga joylashtirdik. Oliy o‘quv yurtiga kirishni istamagan ayrim maktab bitiruvchilarini sartaroshlik, tikuvchilik, duradgorlik va boshqa mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarni o‘rganishi uchun monomarkazga yubordik. Hozirga kelib mahallamizda ishsiz yoshlar yo‘q.

Bundan tashqari, “Yoshlar bandligi dasturi” bo‘yicha viloyatda 14 ming 96 nafar ishsiz yosh va 12 ming 572 nafar maktab bitiruvchisi bandligini ta’minlash belgilangan edi. Hozirgacha bu boradagi ishlar 82,6 foizga bajarildi.  

Ayniqsa, yoshlar bilan indivudial ishlash tizimini joriy etish maqsadida 14-30 yoshdagi 654 ming 215 nafar yoshning ijtimoiy ahvoli o‘rganilib, ular 3 ta toifaga ajratildi:  

1-toifa tarbiyasi og‘ir va alohida ishlashga muhtoj bo‘lgan 20 ming nafardan ziyod yosh viloyat, shahar va tuman sektor rahbarlari va ularning o‘rinbosarlariga indivudial biriktirildi. Ular orasida probatsiya nazoratidagilar, profilaktik hisobda turuvchi, xorijiy migratsiyadan qaytib kelganlar va notinch oilalarning farzandlari bor.  

2-toifa ishsiz, norasmiy band va vaqtincha mehnat qobiliyatiga ega bo‘lmagan, ijtimoiy muammolari mavjud yoshlarga viloyat va tuman (shahar) tashkilotlari rahbarlari biriktirildi.

3-toifa davlat va xususiy sektor hamda ta’limda band bo‘lgan iqtidorli yoshlardir.  

Ma’lumki, joriy yil 11 aprel kuni davlatimiz rahbari tomonidan yoshlar siyosati sohasidagi ishlar natijadorligini oshirish maqsadida videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgandi. Unda har bir hududdagi alohida e’tiborga, ijtimoiy-moddiy jihatdan davlatning yordamiga muhtoj bo‘lgan yoshlar ro‘yxatini shakllantirish va ularni viloyat, tuman, shahar hokimlariga, shuningdek, sektor rahbarlari va tashkilot rahbarlariga biriktirish, muammolarining yechimini izlash, g‘amxo‘rlik qilish va doimiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha topshiriq berilgandi.

Ushbu topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Oqqo‘rg‘on hamda Quyi Chirchiq tumanlaridagi o‘ziga biriktirilgan yoshlar va ularning ota-onalari bilan muntazam uchrashib, ularning hayotidagi o‘zgarishlarni o‘rganib bormoqda. Tashkil etilayotgan uchrashuvlarda esa yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilish, bandligini ta’minlash hamda muammolarini bartaraf etish masalasida fikr almashilyapti. O‘g‘il-qizlarga amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tayyorlanib, ijrosi ta’minlanyapti. 

O‘tgan vaqt davomida yoshlarga biriktirilgan mas’ullar mahalladan boshlab vertikal va gorizontal sxema asosida yoshlar bilan individual ishlash tizimini samarali yo‘lga qo‘ydi. Xususan, “qizil toifa”ga kiritilgan yoshlar bilan yaqindan ishlash, ularni doimiy nazorat qilish hamda ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish maqsadida barcha sektor rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari, shuningdek, viloyat, tuman va shaharlar korxona, tashkilot va idoralaridagi jami 632 nafar rahbar 40-50 nafardan yosh bilan muntazam ravishda individual ishlayapti.  

A.Musayev, O‘zA muxbiri