Keyingi yillarda mahallalarda ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmani yaxshilash, aholini qiynab kelayotgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, joylardagi ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, sport va boshqa infratuzilma ob’ektlarini yaxshilash maqsadida joriy yil 25 oktyabrida davlatimiz rahbarining “2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Ushbu qaror ijrosini ta’minlash maqsadida boshqa vazirliklar qatori Qurilish vazirligiga ham qator vazifalar belgilab berildi.
2023 yilgacha mamlakatimizdagi mahallalarda nimalar o‘zgaradi? Respublika miqyosida mahallalar infratuzilmalarini yaxshilash bo‘yicha qancha mablag‘ yo‘naltirilgan va bu mablag‘lar nimaga sarflanyapti? Keyingi yil O‘zbekistondagi 5 ming 284 ta mahalla infratuzilmasida qanday o‘zgarishlar bo‘ladi?
Mazkur savollarga javob olish uchun O‘zA muxbiri Qurilish vaziri o‘rinbosari Jalol Arashovga yuzlandi.
– Yuqoridagi qaror ijrosi bo‘yicha shaharsozlik hujjatlarining ekspertizasi va uning hududlardagi filiallari tomonidan joylarda ishchi guruh shtablari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bunda shaharsozlik, loyiha-smeta, ishchi-loyiha hujjatlari shuningdek, ob’ektlar qurilishining mustahkamligi, yong‘in va portlash xavfsizligi, ijtimoiy, sanitariya-gigeniya talablariga rioya etilishi, yoqilg‘i-energetika, xom ashyo va tabiiy resurslardan oqilona foydalanilish, loyiha yechimlarining amaldagi normativlar va standartlarga muvofiqligi yuzasidan davlat ekspertiza tashkil etilib, ularning o‘tkazilishi ta’minlanmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/DO_HJBxSSDE" title="O‘zbekistondagi 5284 mahallaga 7 trillion 46 milliard so‘m yo‘naltirilmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>
Hujjat dasturiga muvofiq jami 5 ming 284 ta mahalladagi 6 ming 7 ta ijtimoiy soha va infratuzilma ob’ektlarida qurilish-ta’mirlash ishlari bajariladi. Jumladan, 160 ta ijtimoiy soha ob’ekti – 53 ta maktab, 33 ta bog‘cha, 74 ta sport inshootlarida qurilish-ta’mirlash ishlari belgilandi.
Shuningdek, 5 ming 111 ta infratuzilma ob’ekti, hususan, 2 ming 602 ta ichki yo‘llar, 1 ming 848 ta ichimlik suv ta’minoti, 91 ta oqova suv ta’minoti, 498 ta elektr energiyasi ta’minoti, 72 ta gaz ta’minoti yaxshilanadi.
Ayni paytda ma’lumotlarni real vaqt rejimida tahlil qilish uchun vazirlikda shtab tashkil etildi. Shtab a’zolari tomonidan ma’lumotlar doimiy ravishda tahlil qilib borilmoqda. Joriy yilning 14 noyabr holatiga ko‘ra, dastur ijrosi yuzasidan respublika bo‘yicha hududlardagi 6 ming 7 ta ob’ektdan 5 ming 859 tasining manzilli dasturlari tasdiqlandi.
Yer ajratish bo‘yicha 1 ming 108 ta ob’ektga qaror talab etiladi. Shundan, 610 tasining qarorlari chiqarildi. Arxitektura rejalashtirish topshirig‘i (ART) 1 ming 970 ta ob’ektga talab etiladi. Shundan 1 ming 15 ta ARTlar ishlab chiqildi. 5 ming 983 ta ob’ektning loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilishi belgilangan. Shundan, 3 ming 672 ta loyihachi aniqlandi. 2 ming 670 ta ob’ektning davlat ekspertizasi xulosalari olindi.
Shuningdek, bazaviy hisoblash miqdorining 6 ming baravaridan ortgan miqdordagi qurilish ishlari “Shaffof qurilish” tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tgan qurilish tashkilotlari hamda qurilish ishlari “e-xarid” tizimidagi tenderlar asosida tashkil etiladi. Respublikada mavjud jami mahallalarning qariyb 50 foizidagi eng dolzarb muammolarni hal etish ishlari 2022 yilning 1 dekabridan boshlab davom ettiriladi. Dasturga muvofiq mahallalarda mavjud ijtimoiy soha hamda infratuzilma ob’ektlarida qurilish-ta’mirlash ishlarini bajarish uchun 7 trillion 46 milliard so‘m ajratilishi belgilangan.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA