English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimi takomillashtiriladi
12:43 / 2025-09-16

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimi samaradorligini oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Unga muvofiq, mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini takomillashtirishning asosiy maqsadlari etib quyidagilar belgilandi: 

a) yoshlar muammolari bilan individual va manzilli ishlash orqali yoshlar yetakchilari faoliyati samaradorligini oshirish; 

b) yoshlarning kasbiy qiziqishlarini barvaqt aniqlash orqali mehnat bozoriga raqobatbardosh kadr sifatida kirib borishini ta’minlash; 

v) yoshlarning mafkuraviy immunitetini kuchaytirish orqali ular ongiga turli salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi g‘oyaviy tahdidlarga mahalla darajasida qarshi kurashish; 

g) yoshlarga oid ma’lumotlarni yig‘ish, tahlil qilish va doimiy ravishda yangilab borish jarayonlarini raqamlashtirish orqali yoshlarning ijtimoiy ahooli haqidagi ma’lumotlar bazasini shakllantirishga jalb etiladigan mehnat resurslari samaradorligini oshirish. 

Yoshlar bilan ishlash tizimining asosiy vazifalari umummilliy rivojlanish maqsadlariga erishishda yoshlar salohiyatidan unumli foydalanish mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimining ustuvor vazifasi etib belgilandi. 

"Ulkan maqsadlar, samarali mehnat, oqilona turmush" g‘oyasi asosida yoshlarda ulkan marralarni zabt etishda o‘ziga bo‘lgan ishonch va iroda shakllantiriladi, bilim va intizom bilan mehnat qilish ko‘nikmalari kuchaytiriladi, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi va o‘z axloqi bilan boshqalarga o‘rnak bo‘lish kabi hayotiy qadriyatlar ommalashtiriladi. 

Farmonga muvofiq, mahallalardagi yoshlar yetakchilarining asosiy vazifalari belgilandi. Ular:

a) yoshlarning o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshirish, jamiyat uchun foydali va umummilliy manfaatlarga xizmat qilishga qaratilgan loyihalarni mahalla darajasida amalga oshirish; 

b) yoshlarning shaxsiy rivojlanishiga, ularning iqtidori va iste’dodini ruyobga chiqarishga qaratilgan tadbirlarni tashkil etish, "Besh tashabbus olimpiadasi"ni yoshlar o‘rtasida keng tartib qilish; 

v) mehnat bozoriga kirib kelayotgan yoshlarning tadbirkorlik ko‘nikmalari va o‘z taqdiri uchun mas’uliyat hissini kuchaytirish orqali bandligiga ko‘maklashish; 

g) "Yoshlar daftari"ga kiritilgan yoshlarga ko‘rsatiladigan yordamning ijtimoiy hamkorlik tamoyiliga asoslanishini ta’minlash. 

Ushbu bandda nazarda tutilgan asosiy vazifalarga bog‘liq bo‘lmagan boshqa vazifa va topshiriqlarni yoshlar yetakchilari zimmasiga yuklash taqiqlanadi. Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasi yoshlar yetakchilari vazifalariga kirmaydigan ishlarga jalb etilmasligini qat’iy nazoratga olinadi. 

"Mahalla yettiligi" va ta’lim muassasalari o‘rtasida yoshlar, jumladan, umumta’lim maktablarining bitiruvchi sinf o‘quvchilarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha quyidagi hamkorlik qilish tizimi joriy etiladi: 

a) maktablarning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari har oyda sinf rahbari va maktab psixologi hamkorligida xulq-atvorida muayyan murakkabliklar kuzatilgan o‘quvchilar hamda bitiruvchi sinf o‘quvchilari o‘rtasida qo‘shimcha fanlar, xorijiy tillar va kasblarni o‘rganish, sport turlari bilan shug‘ullanish hamda mehnat faoliyatiga qiziqish bildirgan o‘quvchilarni aniqlaydi. Ushbu o‘quvchilarning ro‘yxati shakllantirilib, belgilangan tartibda yoshlar yetakchisi va mahalla raisiga taqdim etiladi; 

b) yoshlar yetakchilari: 

maktablarning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari tomonidan taqdim etilgan ro‘yxat asosida bitiruvchi sinf o‘quvchilarining fan, xorijiy tillar, sport turlari bilan shug‘ullanishiga va kasblarni o‘rganish istagi bo‘lgan o‘quvchilarning "Kelajak" markazlari hamda xususiy o‘quv markazlarida tahsil olishiga ko‘maklashadi; 

xulq-atvorida muayyan murakkabliklar kuzatilgan o‘quvchilar uchun ularning qiziqishlari va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda individual rivojlanish yo‘nalishlarini belgilaydi; 

mahalla hududidagi murabbiylar, kasb egalari va tadbirkorlar bilan hamkorlikda o‘quvchilar uchun ustozlik tizimini yo‘lga qo‘yadi;

xulq-atvorida muayyan murakkabliklar kuzatilgan o‘quvchilarni davlat va nodavlat ta’lim muassasalaridagi to‘garaklarga yo‘naltiradi; 

v) hokim yordamchilari mehnat faoliyatini olib borish istagi bo‘lgan maktab o‘quvchilarini tegishli mahalla hududida joylashgan korxonalarga yo‘naltirib, ularning kasb o‘rganishiga va kelgusida ishga joylashishiga, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun zarur vositalar bilan ta’minlashga ko‘maklashadi.

Yoshlar ishlari agentligi 2026 yil 1 fevralga qadar "Yoshlar daftari" va "Yoshlar portali" elektron platformalari negizida "Yoshlar yagona elektron platformasi" axborot tizimini yaratadi. 

2026 yil 1 fevraldan boshlab "Yoshlar daftari" jamg‘armasidan ko‘rsatiladigan ijtimoiy yordamlar bo‘yicha arizalarni taqdim etish, ularni ko‘rib chiqish natijasi bo‘yicha qaror qabul qilish bilan bog‘liq barcha ma’muriy tartib-taomillar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda Yoshlar yagona elektron platformasi orqali amalga oshiriladi.

O‘zA