Poytaxtimizda Yoshlar ishlari agentligi va qator hamkor tashkilotlar bilan birgalikda Mahallalarda yoshlar bilan ishlashni muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, joriy yil 14 fevral kuni davlatimiz rahbari ishtirokida yoshlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda bir qator muhim tashabbuslar ilgari surilgan edi. Ushbu tashabbuslarning huquqiy asosini mustahkamlash maqsadida 26 mart kuni Prezident farmoni qabul qilinib, tashkilotlar va rahbarlar zimmasiga aniq vazifalar yuklatildi.

Shuningdek, 60, 61 va 62-son Prezident qarorlari imzolanib, yoshlarning bandligini ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga doir keng ko‘lamli imkoniyatlar yaratildi.
Yig‘ilishda yoshlar jinoyatchiligining oldini olish, ishsiz yoshlarni rahbarlarga biriktirish, “Shijoat va g‘ayrat” harbiy-sport musobaqalari, “Talabalar bahori” festivali hamda yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga doir masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA