Shu yilning may-iyul oylarida yurtimizda mahalla fuqarolar yig‘inlari raislarining navbatdagi saylovi o‘tkazildi. Bu galgi saylovlar mahallaning jamiyatdagi o‘rni va nufuzi oshgan, tizimga oid qonunchilik takomillashgan paytda o‘tgani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Aholi hududni har tomonlama rivojlantirishga bilim va salohiyati yetadigan, obro‘-e’tiborli, fuqarolar yig‘inidagi “yettilik”ka chinakam bosh bo‘la oladigan kishilarni mahallaga rais etib sayladi.
Samarqand viloyatidagi 1081 mahallada ham saylov jarayonlari to‘liq yakunlanib, yangidan saylangan raislar boshchiligida shakllantirilgan “yettilik” o‘z faoliyatini boshladi.

– Raislarning 356 nafari (33 foizi) birinchi marta saylanganlarni, 69 nafari (7 foizi) ayollarni, 24 nafari (3 foiz) deputatlarni tashkil etdi, – deydi O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i Sherali Yo‘ldoshev. – Ma’lumoti bo‘yicha 971 nafari (90 foizi) oliy, 107 nafari (10 foizi) o‘rta maxsus ma’lumotga ega. Raislar orasida o‘qituvchilar (25 foiz), iqtisodchilar (24 foiz), muhandislar (11 foiz), huquqshunoslar (6 foiz) boshqa sohalar vakillariga qaraganda ko‘proq bo‘ldi. Yangi saylangan mahalla raislari uchun may oyidan boshlab o‘quv seminarlar tashkil etilda va ularga mahalla faoliyatini tashkil etish, “mahalla yettiligi” hamkorligi samaradorligini oshirish, aholi murojaatlari bilan ishlash, tizimdagi raqamli texnologiyalardan foydalanish kabi masalalar o‘rgatildi. Seminarlarda viloyat boshqarma va tashkilotlari mas’ullari mahalla fuqarolar yig‘inlari bilan hamkorlikning huquqiy asoslari hamda amaliyot haqida tushuncha berdi. Raislar bilim va malakasini oshirish barobarida fuqarolar yig‘ini bilan birga ishlaydigan tashkilotlar rahbarlari bilan tanishdi, ma’lumot almashish bo‘yicha kelishib oldi. Har bir mahalla bo‘yicha “mahalla yettiligi”ning 2025 yil yakuniga qadar amalga oshiriladigan ish rejalari ishlab chiqildi.
Iyun oyidan buyon viloyatimizda O‘zbekiston mahallalari uyushmasi ishchi guruhining faoliyat olib borayotgani saylov jarayonlarini namunali tashkil etish va mahalla fuqarolar yig‘inlari faoliyatini samaradorligini oshirishga katta turtki berdi.

Ishchi guruh aholini qiynayotgan hamda e’tirozlariga sabab bo‘layotgan muammolarni bartaraf etish maqsadida tuman, shaharlar hokimlari va ularning o‘rinbosarlari ishtirokida mahallalarda sayyor qabullar tashkil etib, aholi bilan yuzma-yuz muloqot qildi, hududda yechimini kutayotgan muammolar, masalalarni o‘rgandi. Ikki oy davomida 231 mahallada 1990 nafar fuqaroning murojaatlari eshitilib, 1287 tasi ijobiy hal etildi, 772 tasi bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.
Aholining ishsizlik holati qayta xatlovdan o‘tkazilib, ishlash istagidagi 17363 nafar fuqaroning manzilli ro‘yxati shakllantirildi. Ular bilan tuman hokimi, mahalla raisi va mahalla bankirlari o‘rtasida to‘rt tomonlama shartnomalar imzolandi. Yil yakuniga qadar ana shu ishsiz fuqarolar, mehnat bozoriga kirib kelayotgan 57 ming nafar yoshlar, migratsiyadan qaytadigan 21,1 ming nafar yurtdoshimiz bandligini ta’minlash dasturlari ishlab chiqildi. “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturida belgilangan imkoniyatlardan foydalanib, joriy yil yakuniga qadar 35 ming oilani kambag‘allikdan chiqarib, kambag‘allik darajasini 7,5 foizdan 5,4 foizga tushirishni belgilab oldik. Buning uchun imkoniyat asosan mahallaning o‘zidan topildi. Hududda joylashgan korxona va tashkilotlar, tadbirkorlar bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Masalan, Samarqand shahrida faoliyat ko‘rsatuvchi “Shashlik uz” savdo tarmog‘i rahbari Adxamjon Soliyev shahardagi 215 ta mahallaning har biridan 2-3 nafardan ehtiyojmand oilalarning a’zolarini, jami 530 nafar yoshni xizmat ko‘rsatish sohasida o‘qitib, ish bilan ta’minlashni zimmasiga oldi.

– Bulardan tashqari, ishchi guruh ko‘magida viloyatimizda muhit, investitsiya, eksport, ish o‘rni va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha 77 banddan iborat hududiy va 621 banddan iborat tuman (shahar)larning uch oylik chora-tadbirlar rejalari ishlab chiqildi, – deya so‘zida davom etadi Sherali Yo‘ldoshev. – Har bir mahalla bo‘yicha ishsizlikdan, jinoyatchilikdan, oilaviy ajrimdan xoli hududga aylantirish dasturlari tayyorlandi. Migratsiyadan holi hududga aylantirish bo‘yicha Bulung‘ur tajribasini yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Bugungi kunda tumanda 10 ming 696 nafar fuqaro xorijga chiqib ketganligi aniqlandi. Mahallalarda chetda yurgan har bir fuqaro haqida ma’lumotlar shakllantirilib, ular yurtimizga qaytganidan so‘ng qayerga ishga joylashishi, tadbirkorlik yoki hunarmandchilikning qaysi turi bilan shug‘ullanishi mumkinligi tahlil qilinmoqda. Hokimliklar bilan birgalikda migrantlar bilan onlayn muloqotlar uyushtirilib, ularning dardlari eshitilmoqda. Shu murojaatlar asosida qaysi yurtdoshimizga qanday yordam ko‘rsatish zarurligi belgilab olinyapti.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bugungi kunda barcha tuman va shahar hokimliklarida “Islohotlar shtabi” tashkil etildi. Bu yerda hudud imkoniyatlari, “o‘sish nuqta”lari o‘rganilib, har bir mahallani rivojlantirish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqilmoqda. Qisqa vaqt ichida tadbirkorlik va investitsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash orqali yil yakuniga qadar viloyatda 834 ta loyihani ishga tushirish va 23 mingdan ortiq ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.
Jumladan, Payariq, Qo‘shrabot va Paxtachi tumanlarida “Eko bozor” va xususiy klinika loyihalari amalga oshirilib, 1500 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Bunday loyihalar qolgan tuman, shaharlarda 2026 yil yakuniga qadar amalga oshiriladi.
Kattaqo‘rg‘on shahrining Kunjipay, Ko‘xnadam, Yermachit mahallalari hududidagi 12,5 gektar maydonda xorijiy investitsiya va grand mablag‘lari hisobidan turizm, madaniy ko‘ngilochar majmualar va dam olish maskanlari hamda zamonaviy turar joylar barpo etish rejalashtirilgan. Bu orqali ushbu mahallalarda 325 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Qo‘shrabot tumani Yuqori Jo‘sh mahallasida V-VI asrlarga oid Bekqo‘rg‘ontepa shaharchasini Madaniy meros agentligining manzilli dasturiga kiritish orqali “Ochiq osmon ostidagi” muzey tashkil etib, hududda sayyohlar sonini 50 ming nafarga yetkazish, 70 ta yangi xizmat ko‘rsatish shoxobchasini tashkil etish va 100 ta yangi ish o‘rnini yaratish rejalashtirilmoqda.
Sherali Yo‘ldoshevning ta’kidlashicha, respublika ishchi guruhi bilan birgalikda mahallalarda amalga oshirilayotgan ishlar, aholi kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi holatlar o‘rganilib, infratuzilma bilan bog‘liq muammolarni hal etishda mahalliy hokimliklar jalb qilinishi bilan birga aholining faol ishtiroki va tashabbuskorligini an’anaga aylantirish choralari ko‘rilmoqda. Ana shu sa’y-harakatlar tufayli Samarqand shahar Ogahiy mahallasida 1,8 kilometr piyodalar yo‘lagi barpo etildi, 2,8 kilometr ichki yo‘llar ta’mirlandi, 17 dona tungi yoritish chiroqlari o‘rnatildi. Hududdan oqib o‘tgan Obi mashat kanalining 2,3 kilometr qismi tozalanib, atrofi obodonlashtirildi va aholi uchun dam olish maskani tashkil etilmoqda. Ishtixon tumanida Ko‘tarma mahallasidagi 13 ta ko‘p qavatli uyning oqova tizimi muammosi ham hokimlik va mutasaddi tashkilotlar ko‘magida hal etilmoqda.
Umuman, bugun bu kabi o‘zgarishlar, bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlarini viloyatning har bir mahallasida ko‘rish mumkin. Ayni chog‘da mahallalarda mustaqillik bayrami oldidan hududlarni obodonlashtirish ishlari, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar boshlandi. Shuningdek, ta’lim muassasalarini yangi o‘quv yiliga tayyorlash, bolalarni maktabgacha va maktab ta’limi bilan qamrab olish ishlarida ham “mahalla yettiligi” faol ishtirok etmoqda.
G‘olib HASANOV, O‘zA muxbiri