“Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahalla” – bu faqatgina tashqi ko‘rinishi yangilangan hudud emas, balki inson qadri, aholi farovonligi, ijtimoiy adolat va barqaror taraqqiyot tamoyillariga asoslangan yangi hayot muhitini ifoda etuvchi zamonaviy mahalla modeli hisoblanadi. Ushbu konsepsiya doirasida mahallalarda zamonaviy infratuzilma yaratish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini yangilash, ijtimoiy xizmatlar sifatini oshirish, aholi uchun qulay va xavfsiz yashash muhitini shakllantirish ustuvor vazifa etib belgilangan.
Ayni paytda mazkur tashabbus mamlakatimizda mahalla institutini yangi bosqichga olib chiqish, uni fuqarolarning ijtimoiy faolligi, hamjihatligi va tashabbuskorligini shakllantiradigan muhim makonga aylantirishga xizmat qilmoqda.
Ushbu islohotlar Buxoro viloyatining chekka hududlaridan, xususan, Qorako‘l tumani mahallalarida ham izchil amalga oshirilmoqda. Tumandagi Sayyot, Ketmondo‘g‘di va Chovli mahallalariga “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahalla” maqomining berilishi mazkur hudud aholisi uchun yangi taraqqiyot bosqichining boshlanishi bo‘ldi.

Shu munosabat bilan tuman hokimi Xurshid Toxirov mazkur mahallalarda bo‘ldi. Aholi bilan ochiq va samimiy muloqot o‘tkazdi. Uchrashuv davomida mahallalarni kompleks rivojlantirish bo‘yicha rejalashtirilgan bunyodkorlik ishlari, infratuzilmaviy loyihalar hamda ijtimoiy-iqtisodiy dasturlar atroflicha muhokama qilindi.
Muloqot chog‘ida ajratilgan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladigan loyihalarning batafsil taqdimoti o‘tkazildi. Har bir yo‘nalish bo‘yicha aniq rejalar aholiga yetkazildi. Jumladan, mahallalarda ichki va tashqi yo‘llarni kapital ta’mirlash, ichki ko‘chalarni asfaltlash va obodonlashtirish, ichimlik suvi tarmoqlarini yangilash, elektr ta’minotini barqarorlashtirish, kanalizatsiya va drenaj tizimlarini yaxshilash, ijtimoiy ob’ektlar (maktab, bog‘cha, tibbiyot maskanlari, madaniyat uylari)ni rekonstruksiya qilish, aholi uchun yangi savdo, maishiy xizmat va servis shoxobchalarini tashkil etish, zamonaviy dam olish maskanlari, yashil hududlar va bolalar maydonchalarini barpo etish kabi keng qamrovli ishlar amalga oshirilishi belgilandi.

Mahalla fuqarolari tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslar ham e’tibor bilan tinglandi. Ayniqsa, aholi tomonidan ichki yo‘llarni sifatli ta’mirlash, yoshlar bandligini ta’minlash, kasb-hunar o‘rgatish markazlarini tashkil etish, tadbirkorlik faoliyati uchun imtiyozli shart-sharoitlar yaratish, oilaviy biznes va xonadonlarda ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida urg‘u berildi.
Tuman hokimi ajratilgan mablag‘lar davlat tomonidan hududlarga, xususan, qorako‘llik fuqarolarga qaratilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlikning amaliy ifodasi ekanini ta’kidladi.
Mazkur tashabbus doirasida amalga oshirilayotgan ishlar natijasida Sayyot, Ketmondo‘g‘di va Chovli mahallalari nafaqat tuman, balki viloyat miqyosida ham namunaviy mahallalardan biriga aylanishi kutilmoqda. Bu mahallalar zamonaviy qiyofaga ega, infratuzilmasi rivojlangan, ijtimoiy xizmatlari sifatli, aholisi farovon hayot kechirayotgan hudud sifatida shakllanadi.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri