Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahallalarda xotin-qizlar bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlash markazlari faoliyati kengaytiriladi
10:49 / 2025-12-04

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Unga muvofiq, xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oshirish, ularning daromad topish va kasb-hunar o‘rganish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida mahallalarda xotin-qizlarning bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlash markazlari faoliyatini kengaytiriladi.

2026-2027 yillarda "HAMROH" xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash kompaniyasi" MCHJ tomonidan: 

6 ming nafar xotin-qizlarning tadbirkorlik loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun 2 trillion so‘m yo‘naltiriladi; 

2,8 ming nafar xotin-qizlarni tadbirkorlikka o‘qitiladi;

2 ming nafar xotin-qizlarning tadbirkorlik faoliyatiga hamrohlik qilish asosida ko‘maklashiladi.  

Mahallalarda xotin-qizlarning bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlash markazlari faoliyatini kengaytirish maqsadida: 

a) hokimliklar zaxirasidagi sug‘orilmaydigan bo‘sh yer maydoni mavjud mahallalarda 300 metr kvadratgacha bo‘lgan yer uchastkalari doimiy foydalanish huquqi asosida; 

b) bo‘sh turgan davlat mulki ob’ektlari yoki uning bir qismi operativ boshqaruv huquqi asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, viloyatlar va Toshkent shahri oila va xotin-qizlar boshqarmalariga ajratiladi. 

Markazlar quyidagi tartibda tashkil etiladi: 

a) tuman (shahar) hokimliklari tomonidan qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan manbalar hisobidan; 

b) tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limlarining tavsiyalari asosida: 

davlat-xususiy sheriklik shartlarida;

kasb-hunar o‘rgatish faoliyati bilan belgilangan tartibda shug‘ullanuvchi tashabbuskor tadbirkorlarning binolarida. 

Tuman (shahar) hokimliklari tomonidan tashkil etilgan Markazlar tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, viloyatlar va Toshkent shahri oila va xotin-qizlar boshqarmalari tomonidan tikuvchilik, qandolatchilik, fitnes, sheyping, xotin-qizlarni kasbga o‘qitish kabi faoliyatlarni tashkil etish uchun ijaraga beriladi. 

2026 yil 1 yanvardan boshlab "HAMROH" tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida xotin-qizlarning tadbirkorlik loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan quyidagi qo‘shimcha instrumentlar joriy etiladi: 

a) tijorat banklari tomonidan ta’sischilari tarkibida ayollar ulushi 50 foiz va undan yuqorini tashkil qilgan va (yoki) rahbari ayol kishi bo‘lgan kichik va o‘rta tadbirkorlik sub’ektlarining kamida 10 ta ish o‘rni yaratishni nazarda tutuvchi loyihalariga Markaziy bankning asosiy stavkasidan 10 foiz punkt yuqori stavkagacha bazaviy hisoblash miqdorining 25 ming baravarigacha miqdorda kredit ajratiladi; 

b) "Biznesni kafolatlash milliy kompaniyasi" AJ tomonidan tijorat banklari kreditlarining 70 foizigacha bo‘lgan qismiga kafolat (kafillik) taqdim etiladi.

O‘zA