Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahallalarda xavfsiz muhitni yaratishda ilmiy yondashuv, amaliy choralar va natijadorlikka ahamiyat qaratilmoqda
16:28 / 2026-02-03

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Toshkent shahrida xavfsiz muhitni shakllantirish hamda jamoat xavfsizligini samarali ta’minlash bo‘yicha namunaviy amaliyotni yaratish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda yirik bozorlar va gavjum joylarda jamoat xavfsizligini ta’minlash zarurligiga e’tibor qaratildi.

– Mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish – eng dolzarb vazifalaridan biri, – deydi Kriminologiya tadqiqot instituti Mahallalarda jinoyatchilikni ilmiy tadqiq qilish markazi bosh ilmiy xodimi Umid Mirzatillayev. – Shu maqsadda institutimiz ilmiy jamoasi Toshkent shahrining Yakkasaroy tumaniga biriktirilib, joylarda manzilli va tizimli ishlarni boshladi. Jinoyatchilikning barvaqt oldini olish, mahallalarda samarali profilaktika tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadida 2026 yilda Yakkasaroy tumaniga Oliy sud raisi, Qonunchilik palatasi qo‘mitasi raisi Jahongir Shirinov hamda Kriminologiya tadqiqot instituti boshlig‘i Baxtiyor Berdialiyev biriktirildi.

Dunyo miqyosida turli tahlikali vaziyatlar, urush va qarama-qarshiliklar avj olayotgan bir paytda, yurtimizda tinchlik va osoyishtalik saqlanib qolayotgani tasodif emas. Bu davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mahallalarni jinoyatdan holi hududga aylantirish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilayotgani natijasidir.  

Yakkasaroy tumanidagi jinoyatchilik holati tahlil qilinganda, 2025  yilda oldi olinishi mumkin bo‘lgan 365 jinoyat sodir etilgani aniqlandi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 21 foizga kamaygan. Shu bilan birga, ayrim turdagi jinoyatlar, xususan, bezorilik holatlari 112 foiz (2024 yilga nisbatan 1,2 baravar)ga oshgani alohida e’tibor talab qiladi.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, kriminogen vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillardan biri – ijtimoiy qiyin ahvolga tushib qolgan ayollar bilan profilaktika ishlarining yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmaganidir. Joriy yilda tumanda 22 jinoyat ayollar tomonidan sodir etilgan bo‘lib, ular orasida o‘g‘rilik, firibgarlik va boshqa huquqbuzarliklar mavjud.

Shu bois, mahalla, oila va xotin-qizlar bo‘limlari hamkorligida profilaktika ishlari kuchaytirilmoqda. Ayollar bilan psixologlar, ijtimoiy xodimlar va profilaktika inspektorlari ishtirokida manzilli ish olib borilmoqda.  

Bundan tashqari, hokimning xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, IIB profilaktika inspektorlari va mahalla faollari ishtirokida oilaviy ajrimlar bo‘yicha sud qarorlarining ijrosini ta’minlash, yarashtirish choralarini kuchaytirish ham nazarda tutilmoqda.

– Oila-turmush munosabatlari doirasida ayollar va yoshlar tomonidan sodir etiladigan jinoyatlarni “ilmiy xulosa – tavsiya – natija” tamoyili asosida joylarga chiqqan holda maqsadli ilmiy-amaliy o‘rganishlarni o‘tkazish orqali samarali tashkiliy-huquqiy choralar belgilanmoqda, – deydi Kriminologiya tadqiqot instituti Jinoyatchilik tendensiyalarini ilmiy tadqiq qilish markazi yetakchi ilmiy xodimi Muxammadmirzoxon A’loxonov. – Mahallalarda “Raqamli xavfsiz mahalla” konsepsiyasini amalga oshirgan holda mahallaning barcha kirish-chiqish hududini kompleks nazorat qilish (kameralashtirish) yo‘lga qo‘yiladi. Elektron dastur orqali hududda harakatlanayotgan fuqarolar, qidiruvdagi shaxslar, transport vositalarini tezkor aniqlashtirish, jamoat joylarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy tartibbuzarliklar haqida avtomatik signal berish tartibi joriy etiladi.  

Bandligi ta’minlanmagan fuqarolarning elektron ro‘yxatini shakllantirish, monomarkazlar orqali ularga ish topib berish, bandligi ta’minlanmagan mehnatga layoqatli shaxslarni haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilish, ularga dasturlar doirasida kredit yoki subsidiyalar olishiga har tomonlama ko‘maklashish kabi ishlar mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.

Tuman mahallalarida doimiy ravishda "Ijtimoiy profilaktika haftaligi" o‘tkaziladi. Tadbir davomida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, muammolarni o‘rganish, aholi o‘rtasida sog‘lom muhit yaratish va fuqarolarda mahallaga daxldorlik hissini uyg‘otish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratiladi.  

Umuman, Yakkasaroy tumani mahallalarida xavfsiz muhitni ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar ilmiy tahlil, manzilli profilaktika va idoralararo hamkorlikka asoslangan yangi yondashuv asosida olib borilmoqda.  

Kriminologiya tadqiqot instituti mutaxassislari ishtirokida jinoyatchilik omillarini barvaqt aniqlash, ayollar va yoshlar bilan maqsadli ishlash, raqamli texnologiyalardan foydalanish hamda aholini bandlikka jalb etish orqali kriminogen vaziyatni barqarorlashtirishga erishilmoqda.  

N.Abduraimova, O‘zA