Surxondaryo viloyatida yangi saylangan mahalla fuqarolar yig‘ini raislari uchun Prezidentimizning 2025 yil 3 yanvardagi “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan o‘quv-seminari o‘tkazilmoqda.
Sherobod tumanida tashkil etilgan tadbirda yangi saylangan 32 nafar mahalla fuqarolar yig‘ini raisi va tumandagi 48 ta mahalla fuqarolar yig‘ini “yettiligi” ishtirok etdi.


O‘quv-seminarda keyingi yillarda mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashning mutlaqo yangi mexanizmlari joriy etilib, huquqbuzarlikni sodir etishga sabab bo‘layotgan ijtimoiy-maishiy muammolarni ijtimoiy profilaktika choralari tizimi orqali hal etish, aholida shaxsiy xavfsizlik hissini shakllantirish yuzasidan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani qayd etildi. Mazkur qaror bilan har bir mahallada huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish ustuvor vazifa etib belgilangani va jinoyatchilikning samarali oldini olish uchun yangi ishlash mexanizmlari joriy etilgani alohida ta’kidlandi. Mahallalarda xavfsiz muhit yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini oshirish bo‘yicha manzilli chora-tadbirlar dasturi, namunaviy “yo‘l xaritalari” haqida ma’lumot berildi.

Tadbirda, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 30 noyabrdagi “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida mahallalarda ijtimoiy profilaktika tizimi samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori xususida ham fikr almashildi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri