French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahallalarda xavfsiz muhit: manzilli yondashuv samarasi va yangi vazifalar
11:14 / 2026-02-05

Navoiy shahridagi Ma’naviyat va ma’rifat markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 5 yanvardagi “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha-chora tadbirlar to‘g‘risida”gi va “2026 yil respublika mahallalarida jinoyatchilikning barvaqt profilaktikasi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosi hamda viloyatda xavfsiz muhitni shakllantirish hamda jamoat xavfsizligini samarali ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Jamiyatda xavfsiz muhitni ta’minlash, aholi osoyishtaligini mustahkamlash hamda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish davlat siyosatida ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Viloyat hokimi Normat Tursunov raisligida o‘tgan yig‘ilishda mahallalarda jinoyatchilikka qarshi kurashishda manzilli, yaxlit va tizimli yondashuvning ahamiyati alohida ta’kidlandi.

Bugungi kunda olib borilayotgan manzilli ishlar o‘z samarasini bermoqda. Jumladan, 2025 yil yakunlariga ko‘ra, viloyatdagi 310 ta mahallaning 46 foizida, ya’ni 142 tasida birorta ham jinoyat qayd etilmagan. Bu ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan sezilarli o‘sishni tashkil etib, “yashil” toifadagi mahallalar soni 31 taga yoki 28 foizga ko‘payganini anglatadi.

Mazkur raqamlar mahalla institutining kuchayib borayotganini, “mahalla “yettiligi”, faol jamoatchilik va mahalliy hokimiyat organlari o‘rtasidagi hamkorlik samara berayotganini anglatadi. Ayniqsa, mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, jamoat tartibini saqlash va jinoyatchilikning oldini olishda mehnat qilayotgan mahalla faollarining rag‘batlantirilishi ushbu tizimda inson omili naqadar muhim ekanini ko‘rsatmoqda.

Shu bilan birga, ayrim mahallalarda hali ham ijtimoiy muammolar, ishsizlik, yoshlar bilan ishlashdagi kamchiliklar jinoyatchilik xavfini oshiruvchi omil sifatida saqlanib qolmoqda. Bu esa manzilli ishlarni yanada kuchaytirish, har bir oila va shaxs bilan individual ishlash zarurligini taqozo etadi.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, mahallada huquqbuzarliklarning oldini olish, avvalo, profilaktika ishlarining samarali tashkil etilishiga bog‘liq. Shu bois yig‘ilishda har bir mahalla kesimida mavjud muammolarni chuqur o‘rganish, xavf omillarini barvaqt aniqlash va ularni bartaraf etishga qaratilgan aniq vazifalar belgilandi.

Maqsad esa erishilgan yutuqlarni mustahkamlash, “yashil” toifadagi mahallalar sonini yanada oshirish va har bir mahallada jinoyatchilikka mutlaqo yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan tizimli ishlarni izchil davom ettirishdan iborat.

Yig‘ilish so‘nggida mahallada xavfsiz muhitni yaratishga, jinoyatchilikni oldini olishga, jamoat tartibini saqlashga hamda hamkasblari orasida alohida o‘rnak ko‘rsatib kelayotgan bir guruh mahalla yettiligi faollari taqdirlandi.

A.Bo‘riyev, O‘zA