Davlatimiz rahbari raisligida joriy yilning 27 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida Toshkent shahrida xavfsiz muhitni shakllantirish hamda jamoat xavfsizligini samarali ta’minlash bo‘yicha namunali amaliyotni yaratishga doir dolzarb va aniq vazifalar belgilab berildi.
Mazkur vazifalarning amaliy ijrosini ta’minlash uchun davlat idoralari, keng jamoatchilik hamkorlikda harakat qilmoqda.
Natijada jinoyatchilikka qarshi kurashish, jamoat xavfsizligini ta’minlash hamda mahallalarda tinch va osoyishta muhitni yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Milliy gvardiya qo‘mondoni, general-polkovnik Bahodir Toshmatov ilk manzilli ishlarini Yunusobod tumanida olib bordi.

Tuman hokimi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va hamkor tashkilotlar mas’ullari ishtirokida mahallalarda bo‘lib, muammolar o‘rganildi.
Milliy gvardiya qo‘mondoni jinoyatchilik ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan Bog‘i shamol mahallasida bo‘lib, vaziyat bilan yaqindan tanishdi, xalq bilan muloqot qildi.
Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, jinoyatchilikning asosiy sabablari – ko‘p hollarda mahalliy infratuzilmaning yetarli darajada rivojlanmagani, nazorat mexanizmlarining zaifligi va profilaktik ishlar tizimli yo‘lga qo‘yilmagani bilan bog‘liq. Mazkur mahallada bu yaqqol ko‘zga tashlandi.
Uchrashuvlar davomida profilaktika inspektorlarining xizmat faoliyatiga alohida e’tibor qaratildi. Inspektorlarning aholi bilan ishlash imkoniyatlari, ular uchun yaratilgan shart-sharoitlar, texnik ta’minot holati tahlil qilinib, tizimdagi kamchiliklarga e’tibor qaratildi.
Kuzatuv kameralarining aksariyati nosoz holatda ekani jiddiy muammo sifatida qayd etildi. Bu holat xavfsizlikni ta’minlashda raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish imkoniyatini keskin pasaytiradi.

Muhokamalar jarayonida mahallani qisqa muddat ichida raqamlashtirish masalasi alohida dolzarb vazifa sifatida ko‘tarildi.
Ko‘p qavatli uylar atrofini tungi vaqtda yoritish masalasi ham jinoyatchilikning oldini olishda muhim omil sifatida belgilandi. Bu borada mas’ullarga aniq topshiriqlar berilib, ijro muddatlari belgilandi.
Jinoyatchilikka qarshi kurashish faqat kuch bilan emas, balki tahlil, ma’lumot, raqam va profilaktikaga asoslangan kompleks tizim orqali samara beradi.
Manzilli ishlar davomida Yunusobod tumanida joylashgan “Oloy” bozori ham ko‘zdan kechirilib, unda aholi uchun yaratilgan shart-sharoitlar o‘rganildi. Savdogarlar bilan yaqindan suhbat olib borilib, ularning fikr-mulohazalari tinglandi.
Milliy gvardiya qo‘mondoni davlatimiz rahbari tomonidan belgilangan vazifalar ijrosi, jumladan, jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish, profilaktik tadbirlarni kuchaytirish va aholi xavfsizligini ishonchli ta’minlash bo‘yicha berilayotgan topshiriqlar ijrosiga alohida e’tibor qaratdi.
Jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash, ularning oldini olish hamda profilaktik ishlar samaradorligini oshirish ustuvor vazifa sifatida belgilab olindi.
N.Abduraimova, O‘zA