Mamlakatimizda mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish borasidagi maqsadli ishlarga davlat siyosati darajasida yondashib kelinmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 11 sentyabrda qabul qilingan "O‘zbekiston – 2030" strategiyasi to‘g‘risida"gi farmonida aholi farovonligini ta’minlash va hududlarda kundalik masalalarni hal etishda mahallani jamoatchilik hamda davlat organlari o‘rtasidagi «tayanch ko‘prik»ka aylantirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Davlatimiz rahbarining 2021 yil 3 dekabrdagi “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida” farmoniga asosan Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi tashkil etilgan edi.
Mahallabay ishlashning vertikal tizimi asosida aholining daromadli mehnat bilan bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka jalb etish, o‘qitish va o‘zini o‘zi band qilish masalalarida agentlik tomonidan qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Shular xususida Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Muxtor ШОНАЗАРОВнинг fikrlariga qiziqdik.
– Mamlakatimiz iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashda tadbirkorlikni muhim drayverga aylantirish va yangi yondashuvlarni ishlab chiqish muhim vazifalardan sanaladi. Sohani qo‘llab-quvvatlash, rivojlantirish dasturlarini shakllantirish, aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining murojaatlarini qabul qilib, tadbirkorlikni rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan byurokratik to‘siq va g‘ovlarni tizimli tahlil asosida bartaraf etish ishlarini amalga oshirmoqdamiz, – deydi Muxtor Shonazarov.

– Hokim yordamchilarining faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar bilan tanishtirsangiz?
– Darhaqiqat, sohada vakolatli davlat organlari va tashkilotlari, tuman (shahar) hokimi yordamchilarining faoliyatini muvofiqlashtirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratib kelinmoqda.
Xususan, joriy yilning 9 oyida hokim yordamchilari tomonidan 2023 yil uchun tasdiqlangan “Yo‘l xarita”lariga binoan 1,9 million nafar fuqaro doimiy va mavsumiy ishlarga joylashtirildi, 1,3 million nafari o‘zini-o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatga olindi, 80 ming nafari yakka tartibdagi tadbirkorlikka (yollanma ishchilar bilan birgalikda), 95 ming nafari haq to‘lanadigan jamoat ishlariga va 48 ming nafari hunarmandchilikka jalb qilindi, 238 ming nafar fuqaroga esa ijara asosida yer ajratildi.
Misol uchun, Xorazm viloyatining Hazorasp tumani Bo‘ston mahallasida yetakchi tadbirkor “Ro‘za Komila” oilaviy korxonasi tomonidan tikuvchilik yo‘nalishida 20 nafar ishsiz fuqaroning bandligi kasanachilik asosida ta’minlandi.
Oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida hokim yordamchilari tavsiyanomalari asosida 364 mingta loyihaga 7,6 trillion so‘mlik kreditlar ajratildi.
– Hokim yordamchilari tavsiyanomalari asosida ajratilgan kreditlarning muammoli qismi necha foizni tashkil etmoqda?
– Bugungi kunda hokim yordamchilari tavsiyasi asosida berilgan kreditlarning muammoli qismi 4 foizni tashkil qilmoqda. 4224 ta mahallada yoki 50 foizida muddati o‘tgan qarzdorlik mavjud emas.
– Bilamizki, tadbirkorlik, avvalo, ichki intilishlar va maxsus ko‘nikmalar asosidagina rivojlanadi. Tadbirkorlikka intilgan fuqarolarga qanday nazariy bilim berilmoqda?
– Albatta, har bir ishning asosida bilim yotadi. Kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmasini olish uchun 129 ming nafar fuqaro jalb qilinib, “Ishga marhamat” monomarkazlari va boshqa nodavlat ta’lim muassasalarida o‘qitildi.
Xususan, Yangiyo‘l shahar, Kogon shahar va To‘rtko‘l, Baliqchi, Bo‘ston, Qorako‘l, Zarbdor, O‘rta Chirchiq, Yozyovon, Rishton, Xonqa, Uchtepa, Shayxontohur tumanlarida kasb-hunarga o‘qitilganlarning bandligini ta’minlash bo‘yicha respublikada yaxshi natijalarga erishilgan.
Misol uchun, Sirdaryo tumani “Hikmatli” mahallasida hokim yordamchisi tomonidan 87 nafar fuqaro kasb-hunarga yo‘naltirilib, o‘qishni tamomlaganlardan 8 nafari sartaroshlik, 4 nafari tikuvchilik, 7 nafari pazandachilik va 68 nafarining bandligi boshqa yo‘nalishlarda ta’minlandi.
– Aholi murojaatlarini tizimli hal etish borasidagi ishlar ko‘lami qanday?
– Aholi murojaatlarini tizimli hal etish, ularni nazoratga olish va doimiy monitoring qilish maqsadida “Onlayn mahalla” elektron platformasi Xalq qabulxonasi platformasiga integratsiya qilindi. Tizim doirasida aholi murojaatlari hokim yordamchilarining plansheti orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri tegishli mas’ul tashkilotga yuborilib, ijrosi Xalq qabulxonasi tomonidan nazoratga olinmoqda.
Xususan, joriy yil boshidan hokim yordamchilari tomonidan jami 5020 ta aholi murojaatlari modul orqali tegishli mas’ul tashkilotga yuborilgan.
Shu o‘rinda qayd etish lozimki, “Onlayn mahalla” platformasining maxsus moduli orqali 1137 ming kambag‘al oila uchun “Individual dastur”lar shakllantirildi. Dasturlar doirasida kambag‘al oilalarning daromadini oshirish maqsadida 9 turda, jami 1 755 mingta amaliy chora-tadbirlar belgilandi.
Alohida ta’kidlashni istardimki, jamiyatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash uchun qulay shart-sharoit yaratish va qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqib kelmoqdamiz. Bunda xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari bilan tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash loyihalarini amalga oshirish borasida hamkorlik muhim sanaladi.
Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA